Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 31598 marta o'qildi

Itni qachon ro‘yxatdan o‘tkazish va emlash kerak?

Aholi punktlarida saqlanayotgan itlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va har yili qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish it quturishga qarshi dastlabki emlanganda amalga oshiriladi va unga veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi.

Itlar 3 oylik yoshdan boshlab quturishga qarshi emlanadi. Yangi sotib olingan yoki olingan, avval qachon emlangani noma’lum bo‘lgan it 1 hafta ichida quturishga qarshi emlanishi, veterinariya pasporti olinishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Kvartira yoki hovlida nechta hayvon saqlash mumkin?

Ko‘p kvartirali uyning alohida kvartirasida qo‘shnilar hamda uy-joy mulkdorlari boshqaruv organining roziligi bilan 1 ta it va 1 ta mushukdan oshmagan miqdorda hayvon saqlashga ruxsat etiladi.

Alohida hovlida it bog‘langan holda yoki uning chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan o‘ralgan hududda saqlanishi kerak. Itning soat 08:00 gacha va 22:00 dan keyin uzluksiz vovullashiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Itni qanday sayr qildirish kerak?

Itni olib chiqishda uning qochib ketishi yoki odamlar va boshqa hayvonlarga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik shart.

Ochiq hududda it tumshuqbog‘da va uzunligi 2 metrdan oshmaydigan etaklovda, jamoat joylarida esa uzunligi 1 metrdan oshmaydigan etaklovda olib yuriladi. Itni tumshuqbog‘siz va etaklovsiz faqat maxsus ajratilgan maydonchalarda sayr qildirish mumkin.

Mast holatdagi shaxslarga va 14 yoshga to‘lmagan bolalarga itni sayr qildirish taqiqlanadi.

It va mushukni jamoat transportida olib yurish mumkinmi?

Hayvonlarni jamoat transportida olib yurishga nisbatan umumiy cheklov mavjud. Biroq kichik itlar va mushuklarni ularning chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan hamda boshqa yo‘lovchilarga xalaqit bermaydigan xavfsiz ko‘chma qurilma, konteyner yoki boshqa moslamada jamoat transportida olib yurishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, hayvonlarni oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan savdo va umumiy ovqatlanish joylariga olib kirish hamda belgilanmagan joylarda yuvish kabi harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Eslatma: kichik it va mushuklarni jamoat transportida olib yurish mutlaq taqiqlanmagan. Ular xavfsiz ko‘chma qurilmada bo‘lishi va boshqa yo‘lovchilarga xalaqit bermasligi shart.

Hayvon egasining qanday majburiyatlari bor?

Hayvon egasi:

  • odamlar va boshqa hayvonlar xavfsizligini ta’minlashi;
  • hayvonning uzluksiz shovqin qilib qo‘shnilarga xalaqit berishining oldini olishi;
  • uyning umumiy foydalanish joylari, yo‘laklar, liftlar, bolalar maydonchalari va boshqa jamoat joylarini ifloslantirmasligi;
  • hayvon qoldirgan axlatni darhol tozalashi va sayr vaqtida buning uchun zarur vositalarni o‘zi bilan olib yurishi;
  • itni o‘z vaqtida ro‘yxatdan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishi;
  • veterinariya ko‘rigi va profilaktik emlash uchun hayvonni belgilangan vaqtda olib borishi kerak.

Ko‘cha va boshqa jamoat joylarida qarovsiz yurgan it va mushuklar, hatto ularda bo‘yinboq, jeton yoki tumshuqbog‘ bo‘lsa ham, belgilangan tartibda tutilishi mumkin.

Qoidalarni buzganlik uchun qanday javobgarlik bor?

Hayvonlarni saqlash qoidalarini buzganlik uchun:

  • fuqarolarga — 3 BHMdan 5 BHMgacha;
  • mansabdor shaxslarga — 5 BHMdan 10 BHMgacha jarima solinishi mumkin.

Agar shu huquqbuzarlik odamlar sog‘lig‘iga zarar etkazsa yoki jismoniy yoxud yuridik shaxsning mol-mulkiga shikast etkazsa va qilmish jinoyat alomatlarini tashkil etmasa:

  • fuqarolarga — 10 BHMdan 15 BHMgacha;
  • mansabdor shaxslarga — 15 BHMdan 30 BHMgacha jarima qo‘llanilishi mumkin.
Chat