Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17978 marta o'qildi

Oilaviy bolalar uyining mazmuni

Oilaviy bolalar uyi — etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tutingan oila muhitida tarbiyalash shaklidir.

Oilaviy bolalar uyi yuridik shaxs tashkil etmasdan fuqaroning oilasida tashkil etiladi. Bolalar tutingan ota-onalar bilan birga yashaydi va oila muhitida tarbiyalanadi.

Muhim! Oilaviy bolalar uylarini tartibga solgan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-avgustdagi 451-son qarori 2025-yil 1 fevraldan kuchini yo‘qotgan. Hozirgi tartib 893-son qaror bilan belgilanadi.

Tutingan ota-onaga qo‘yiladigan talablar

O‘zbekiston Respublikasining 30 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan fuqarosi, oilaviy holatidan qat’i nazar, oilaviy bolalar uyini tashkil etuvchi tutingan ota-ona bo‘lishi mumkin.

Nomzod:

  • muomalaga layoqatli bo‘lishi;
  • bolalarni tarbiyalash uchun munosib sog‘liq holatiga ega bo‘lishi;
  • etarli turar joy va xavfsiz maishiy sharoit yarata olishi;
  • qonunchilikda belgilangan taqiqlar doirasiga kirmasligi;
  • tutingan ota-onalarni tayyorlash kursidan o‘tishi;
  • vakolatli organning ijobiy xulosasini olishi kerak.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, muomalaga layoqsiz, ayrim kasalliklarga chalingan, qonunda ko‘rsatilgan jinoyatlar uchun sudlangan yoki ilgari bolaga nisbatan o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan shaxslarga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ariza berish va nomzodni tanlash

Oilaviy bolalar uyini tashkil etishni xohlagan shaxs yashash joyidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga bevosita yoki hududga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi.

Murojaat asosida nomzodning:

  • shaxsi va oilaviy holati;
  • sog‘lig‘i;
  • daromad manbalari;
  • sudlanganligi;
  • uy-joy va maishiy sharoitlari;
  • bolalarni tarbiyalashga tayyorligi;
  • boshqa oila a’zolarining munosabati o‘rganiladi.

Nomzod tayyorlov kursidan o‘tib, ijobiy xulosa olganidan keyin oilaviy bolalar uyini tashkil etishga nomzod sifatida hisobga qo‘yiladi.

Oilaviy bolalar uyini tashkil etish

Oilaviy bolalar uyi nomzodning arizasi asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmasi qarori bilan tashkil etiladi va tugatiladi.

Oilaviy bolalar uyini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorda:

  • oilaviy bolalar uyining nomi, agar mavjud bo‘lsa;
  • uning manzili;
  • moliyalashtirish masalalariga oid ko‘rsatmalar ko‘rsatiladi.

Qabul qilingan qaror bir ish kuni ichida nomzodga etkaziladi.

Bolalarni joylashtirish shakllari

Bolalar oilaviy bolalar uyiga vakolatli organ va tutingan ota-ona o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida quyidagi shakllarda joylashtiriladi:

  • qisqa muddatli joylashtirish;
  • uzoq muddatli joylashtirish;
  • ixtisoslashtirilgan joylashtirish.

Qisqa muddatli joylashtirish

Qisqa muddatli joylashtirish bolaning ijtimoiy maqomi va uni keyingi joylashtirish shakli belgilanguniga qadar amalga oshiriladi.

Bunday joylashtirish muddati ko‘pi bilan 6 oyni tashkil etadi.

Xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lib, O‘zbekistonga olib kelingan bolalar ham keyingi maqomi belgilanguniga qadar qisqa muddatli shaklda joylashtirilishi mumkin.

Qisqa muddatga joylashtirilgan bola keyinchalik shu oilada uzoq muddatli joylashtirish shakliga o‘tkazilishi mumkin. Buning uchun yangi shartnoma tuziladi.

Uzoq muddatli va ixtisoslashtirilgan joylashtirish

Uzoq muddatli joylashtirish etim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani:

  • 18 yoshga to‘lguniga;
  • yoki umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoxud boshlang‘ich professional ta’limni tamomlaguniga qadar oilaviy muhitda tarbiyalashni nazarda tutadi.

Ixtisoslashtirilgan joylashtirish nogironligi bo‘lgan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun qo‘llanadi.

Bolalar soni

Tutingan oilaga tarbiyalash uchun ko‘pi bilan 5 nafar bola berilishi mumkin.

Oiladagi o‘z bolalari, farzandlikka olingan va tutingan bolalarning umumiy soni, qoida tariqasida, 8 nafardan oshmasligi kerak.

Agar tutingan ota-ona yoki ulardan biri 65 yoshga to‘lsa, shuningdek, yangi bola qabul qilish mavjud bolalarning manfaatlariga zid bo‘lsa, oilaga yangi bola olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bolalarni tanlash va joylashtirish

Bolani oilaviy bolalar uyiga joylashtirishda:

  • uning yoshi va sog‘lig‘i;
  • psixologik holati;
  • aka-uka va opa-singillari mavjudligi;
  • yaqin qarindoshlari bilan aloqalari;
  • bolaning fikri;
  • oiladagi boshqa bolalarning manfaatlari hisobga olinadi.

Aka-uka va opa-singillarni ajratib yuborishga, qoida tariqasida, yo‘l qo‘yilmaydi.

Bolaning tarbiyasi va parvarishi individual rivojlanish rejasi yoki ijtimoiy integratsiya rejasi asosida tashkil etiladi.

Shartnomaning mazmuni

Tutingan ota-ona bilan tuziladigan shartnomada:

  • bolalarni tarbiyalash va parvarishlash shartlari;
  • tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari;
  • bolalarning huquqlari;
  • joylashtirish muddati va shakli;
  • moliyalashtirish tartibi;
  • monitoring o‘tkazish;
  • shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish asoslari ko‘rsatiladi.

Bola oilaviy bolalar uyidan chiqarilganda yoki boshqa joylashtirish shakliga o‘tkazilganda tegishli shartnoma bekor qilinadi.

Tutingan ota-onaning majburiyatlari

Tutingan ota-ona:

  • bolalarning xavfsiz yashashi va tarbiyalanishini ta’minlashi;
  • ularning sog‘lig‘i va ta’lim olishini nazorat qilishi;
  • bolalarni oziq-ovqat, kiyim-bosh va zarur buyumlar bilan ta’minlashi;
  • har bir bolaning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi;
  • jismoniy yoki ruhiy tazyiqqa yo‘l qo‘ymasligi;
  • ajratilgan mablag‘larni bolalar manfaatlari uchun sarflashi;
  • vakolatli organ monitoring o‘tkazishiga sharoit yaratishi shart.

Oilaviy bolalar uyiga to‘lanadigan mablag‘lar

Oilaviy bolalar uyidagi har bir tutingan bola uchun:

  • 7 yoshgacha bo‘lgan bolaning yashash xarajatlariga har oyda BHMning 5 baravari;
  • 7 yoshdan katta bolaning yashash xarajatlariga har oyda BHMning 7 baravari;
  • bolani tarbiyalagani va parvarishlagani uchun tutingan ota-onaga har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari;
  • nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalash va parvarishlash uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravari miqdorida mablag‘ to‘lanadi.

Mablag‘lar bola oilaga qabul qilinganidan keyin ajratiladi. Birinchi oydagi to‘lov bola oilada bo‘lgan kunlarga mutanosib ravishda hisoblanadi.

Ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish uchun tutingan ota-ona javobgar hisoblanadi.

Kuzatuv va monitoring

Oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalarning turmush va tarbiya sharoitlari har oyda kamida bir marta, xonadonga tashrif buyurish orqali o‘rganiladi.

Monitoringda:

  • bolalarning yashash va dam olish sharoiti;
  • sog‘lig‘i va ta’lim olishi;
  • tutingan ota-ona va boshqa oila a’zolari bilan munosabatlari;
  • bolalarning fikri;
  • ajratilgan mablag‘larning sarflanishi o‘rganiladi.

Shartnomani bekor qilish va faoliyatni tugatish

Shartnoma quyidagi hollarda vakolatli organ tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin:

  • bolaga lozim darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmasa;
  • tutingan ota-ona o‘z majburiyatlarini bajarmasa;
  • ajratilgan mablag‘lar bolalar manfaatlari uchun sarflanmasa;
  • monitoringda bola huquqlari va manfaatlariga zid holatlar aniqlansa;
  • tutingan ota-ona yoki bola vafot etsa.

Tutingan ota-ona bir oydan ortiq kasal bo‘lsa yoki bolalar bilan munosabatlarda hal etib bo‘lmaydigan muammolar yuzaga kelsa, shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni so‘rashi mumkin.

Oilaviy bolalar uyi faoliyati tugatilganda har bir bolani keyingi joylashtirish shakli uning manfaatlaridan kelib chiqib vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

Material O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qarori asosida tayyorlandi.

Chat