Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15005 marta o'qildi

Ijara haqi miqdorini kim belgilaydi?

Uy-joy uchun to‘lanadigan ijara haqi miqdori ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining o‘zaro kelishuvi asosida shartnomada belgilanadi. Qonun yoki shartnomada maxsus holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, belgilangan ijara haqini bir tarafning o‘zi bir tomonlama o‘zgartirishi mumkin emas.

Shu sabab shartnomada bir oylik ijara haqi, uni to‘lash sanasi va to‘lov usulini aniq ko‘rsatish maqsadga muvofiq.

Ijara haqi qachon to‘lanadi?

Ijaraga oluvchi ijara haqini shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda to‘laydi.

Agar shartnomada to‘lov sanasi umuman belgilanmagan bo‘lsa, uy-joy uchun haq har oy to‘lanishi kerak.

To‘lov bank o‘tkazmasi, kartadan kartaga yoki taraflar kelishgan boshqa usulda amalga oshirilishi mumkin. Keyinchalik nizo kelib chiqmasligi uchun to‘lovni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlab qo‘yish maqsadga muvofiq.

2026-yilda soliq uchun qanday eng kam stavkalar amal qiladi?

2026-yil uchun turar joy ijarasi bo‘yicha umumiy maydonning 1 kv.m uchun bir oylik eng kam stavkalari:

  • Toshkent shahrida — 30 000 so‘m;
  • Nukus shahri va viloyat markazlarida — 14 500 so‘m;
  • boshqa aholi punktlarida — 5 900 so‘m.

Ushbu stavkalar jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkni ijaraga berishdan oladigan daromadlariga soliq solish maqsadida qo‘llaniladi.

Bu stavkadan arzonroq ijara haqini kelishish mumkin emasmi?

Mazkur yillik stavkalarni fuqarolar o‘rtasidagi shartnoma uchun majburiy «eng past bozor narxi» deb tushunish to‘g‘ri emas. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra ijara haqining o‘zi taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi, yillik eng kam stavkalar esa soliq solish maqsadidagi hisob-kitob uchun qo‘llaniladi.

Ijara haqi to‘lanmasa nima bo‘ladi?

Agar shartnomada uzoqroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi uy-joy haqini 6 oy mobaynida to‘lamasa, ijaraga beruvchi shartnomani sud tartibida bekor qilishni talab qilishi mumkin.

Qisqa muddatli, ya’ni 1 yilgacha bo‘lgan ijarada esa shartnomada belgilangan to‘lov muddati o‘tgach, ijara haqi 2-martadan ko‘proq to‘lanmagan bo‘lsa, sud orqali bekor qilish masalasi qo‘yilishi mumkin.

Chat