Madina texnika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirmoqchi. Unga ushbu kasb «asosan erkaklarga mos» ekani aytilib, boshqa yo‘nalishni tanlash tavsiya qilindi.
Bunday yondashuv qonuniy hisoblanmaydi. «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun hamda «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun ta’lim olishda teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlaydi.
Shaxsning jinsi uni ta’lim muassasasiga qabul qilmaslik, muayyan mutaxassislikni tanlashini cheklash yoki unga nisbatan pastroq talablarni qo‘llash uchun asos bo‘la olmaydi. Qabul faqat qonunchilikda belgilangan bilim, malaka va tanlov mezonlari asosida amalga oshirilishi kerak.
Madina:
Muhim: «bu kasb ayollarga mos emas» degan qarash ta’lim olish huquqini cheklash uchun qonuniy asos emas.
Nilufar tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bankka kredit so‘rab murojaat qildi. Bank xodimi uning biznes loyihasi «erkaklarga mos soha» ekanini aytib, arizani ko‘rib chiqmasdan rad etdi.
Kredit arizasini faqat murojaat etuvchining jinsi yoki genderga oid stereotiplar asosida rad etish kamsitish hisoblanadi. Xotin-qizlar va erkaklar mulkka egalik qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish hamda kredit olish uchun murojaat qilishda teng huquqlarga ega.
Biroq teng huquqlilik har qanday kredit arizasi avtomatik ravishda ma’qullanishini anglatmaydi. Bank barcha mijozlarga bir xil qo‘llanadigan ob’ektiv mezonlar — to‘lov qobiliyati, daromad, kredit tarixi, qarz yuki, garov va loyiha xavflari asosida kredit berishni rad etishi mumkin.
Nilufar:
Muhim: bankning ob’ektiv moliyaviy mezonlarga asoslangan rad javobi qonuniy bo‘lishi mumkin, ammo «siz ayolsiz» degan asosda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dilnoza zarur ma’lumot, malaka va ish tajribasiga ega bo‘lsa-da, ish beruvchi «bu ishni faqat erkaklar bajaradi» degan vaj bilan uning nomzodini ko‘rib chiqmadi.
Kuchini yo‘qotgan eski Mehnat kodeksida xotin-qizlar mehnatidan ayrim og‘ir, zararli va erosti ishlarida foydalanishga umumiy cheklovlar mavjud edi. Amaldagi Mehnat kodeksida xotin-qizlarning muayyan kasb yoki ish turlarida mehnat qilishini faqat jinsi sababli umumiy tarzda taqiqlaydigan yondashuv qo‘llanilmaydi.
Ishga qabul qilishda nomzodning kasbiy va ishchanlik sifatlari, ma’lumoti, malakasi, tajribasi hamda ishni xavfsiz bajara olishi baholanadi. Barcha xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik talablari bir xil ta’minlanishi shart.
Homilador xodimlar va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul shaxslar uchun qonunda belgilangan maxsus kafolatlar kamsitish hisoblanmaydi. Ular sog‘liqni va onalikni muhofaza qilishga qaratilgan qonuniy choralardir.
Dilnoza:
Muhim: ish beruvchi ishning xususiyati bilan bog‘liq ob’ektiv malaka yoki xavfsizlik talablarini qo‘yishi mumkin. Lekin ayolni faqat jinsi sababli ishga qabul qilmaslik qonuniy emas.