Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3525 marta o'qildi

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.

Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni 18 yoshga to‘lgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida (bundan buyon matnda tegishli hudud deb yuritiladi) doimiy yashovchi fuqarolar ega bo‘ladi.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas.

Fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazishda oshkoralik:

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi tashkil etilayotganda hamda o‘tkazilayotganda fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida fuqarolar voqif etiladi, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar haqida, ovoz berish yakunlari to‘g‘risida xabardor qilinadi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar to‘g‘risidagi axborot Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarning rasmiy veb-saytlariga saylov o‘tkazilishidan kamida 5 kun oldin joylashtiriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish jarayoni ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritib boriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.

Tuman yoki shahar hokimi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va o‘zining ushbu nomzodlar bo‘yicha asoslantirilgan xulosalarini keyinchalik ishchi guruhlarga topshirish uchun tegishli komissiyalarga yuboradi.

Ovoz berishni o‘tkazish tartibi

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilayotganda fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) ishtirokchilariga saylov byulletenlari sanoq komissiyasi tomonidan beriladi.

Byulletenga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida kiritiladi.

Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashda byulletenlarni berish bevosita ovoz berishdan oldin boshlanadi.

  • Byulletenь ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiriladi.
  • Ovoz beruvchi to‘ldirilgan byulletenni saylov qutisiga tashlaydi.
  • Saylov qutilari ovoz berish tugaganidan keyin sanoq komissiyasi tomonidan ochiladi.

  • Ovozlarni sanash natijalari bo‘yicha sanoq komissiyasi tomonidan bayonnoma tuziladi va bayonnoma sanoq komissiyasining raisi hamda a’zolari tomonidan imzolanadi.

Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylangan deb hisoblanadi.

  • Fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) saylov yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi, bu qaror fuqarolar yig‘inida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishida) raislik qiluvchi tomonidan o‘qib eshittiriladi.
Chat