Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi elektron shahodatnoma — 9 yoki 11-sinfni tamomlagan bitiruvchining umumiy o‘rta ta’lim olganini tasdiqlovchi davlat namunasidagi elektron hujjat.
Shahodatnoma maxsus elektron platformada o‘zbek va ingliz tillarida shakllantiriladi.
Bitiruvchi — 9 yoki 11-sinfni tamomlagan, barcha fanlardan ijobiy yillik baholar olgan va davlat yakuniy attestatsiyasidan o‘tgan o‘quvchi.
Elektron shahodatnoma — maxsus axborot tizimida shakllantirilgan va QR-kod bilan tasdiqlangan rasmiy ta’lim hujjati.
9-sinf bitiruvchilariga:
— tayanch o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi oddiy shahodatnoma;
— tayanch o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnoma beriladi.
11-sinf bitiruvchilariga:
— umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi oddiy shahodatnoma;
— kumush medalь bilan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma;
— oltin medalь bilan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi.
Aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bitiruvchilariga alohida namunadagi shahodatnoma beriladi.
Elektron shahodatnoma sinf jurnali yoki elektron jurnaldagi yillik baholar, davlat yakuniy attestatsiyasi natijalari va pedagogik kengash qarori asosida shakllantiriladi.
Ta’lim muassasasi:
— 1 dekabrgacha bitiruvchilar haqidagi ma’lumotlarni elektron platformaga kiritadi;
— 25-maygacha ma’lumotlarni yangilaydi;
— 30-maygacha kiritilgan ma’lumotlarni tekshiradi;
— 15-iyungacha pedagogik kengash qarorini rasmiylashtiradi;
— 20 iyungacha yakuniy baholarni kiritib, direktor tasdig‘ini ta’minlaydi.
Ta’lim muassasasi direktori elektron shahodatnomadagi ma’lumotlarni tasdiqlaganidan so‘ng, unga avtomatik ravishda QR-kod qo‘yiladi.
Direktor tomonidan tasdiqlanmagan yoki QR-kodga ega bo‘lmagan elektron shahodatnoma haqiqiy hisoblanmaydi.
Direktor tasdiqlaganidan keyin shahodatnomadagi ma’lumotlarni oddiy tartibda o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
QR-kod — elektron shahodatnomaning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi maxsus grafik kod.
Elektron shahodatnoma bitiruvchiga, qoida tariqasida, 20 iyungacha beriladi.
Bitiruvchi shahodatnomani shaxsini tasdiqlovchi hujjat, pasport yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ma’lumotlari orqali elektron platformadan bepul yuklab olishi mumkin.
Shahodatnomaning chop etilgan nusxasi yo‘qolsa yoki yaroqsiz holga kelsa, dublikat olish talab etilmaydi. Elektron shahodatnomani platformadan yana bepul yuklab olish mumkin.
Agar shahodatnomadagi ma’lumotlarda xato aniqlansa, bitiruvchi tegishli maktabga murojaat qilishi mumkin.
Joriy yil bitiruvchisining ma’lumotlaridagi xato 1 oktyabrgacha aniqlansa, u elektron platforma orqali tuzatiladi va yangilangan shahodatnoma dublikat hisoblanmaydi.
Shahodatnomaning rasmiy ma’lumotlari shikastlangan yoki bitiruvchining familiyasi, ismi yoxud otasining ismi qonuniy ravishda o‘zgargan bo‘lsa, dublikat olish uchun belgilangan davlat xizmati orqali murojaat qilinadi.
Dublikat — avval berilgan rasmiy hujjat o‘rniga belgilangan tartibda qayta berilgan teng yuridik kuchga ega hujjat.