Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21789 marta o'qildi

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-son qarori bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi belgilangan.


Nafaqalar quyidagi shaxslarga tayinlanadi:

  • nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolani parvarish qilayotgan qonuniy vakilga;
  • davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan vafot etgan shaxsning qaramog‘idagi oilaning mehnatga layoqatsiz a’zolariga;
  • davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi shaxslarga;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor yoki bo‘lgan onalarga.

Qonunchilikka muvofiq quyidagi nafaqalar tayinlanadi:

  • nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi;
  • parvarishlash nafaqasi;
  • nogironlik nafaqasi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
  • yoshga doir nafaqa.

Proaktiv shaklda tayinlanadigan nafaqalar

Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaga nogironlik nafaqasi hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga parvarishlash nafaqasi fuqaroning biror-bir shakldagi murojaatisiz, proaktiv shaklda tayinlanadi.

Nafaqani tayinlash uchun zarur ma’lumotlar tegishli davlat organlarining axborot tizimlaridan «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali avtomatik ravishda olinadi.

Nafaqa tayinlangan taqdirda uning muddati, miqdori, qachon va qaerdan olinishi haqida qonuniy vakilga SMS-xabar yuboriladi. Nafaqa tayinlash rad etilganda esa rad etish sabablari ma’lum qilinadi.

Boshqa nafaqalarni tayinlash uchun murojaat qilish

Nogironlik, boquvchisini yo‘qotganlik va yoshga doir nafaqalarni tayinlash uchun:

  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlar guruhlariga;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish mumkin.

Nafaqani tayinlash bo‘yicha vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman va shaharlardagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari hisoblanadi.

Nafaqa axborot tizimi orqali inson omilisiz avtomatik tarzda tayinlanadi. Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi.

Nafaqani to‘lash tartibi

Nafaqalar nafaqa oluvchining xohishiga ko‘ra:

  • nafaqani etkazib berish vakolati yuklangan tashkilot orqali;
  • fuqaroning depozit hisobvarag‘iga pul o‘tkazish yo‘li bilan tijorat banki filiali orqali to‘lanadi.

Nafaqalar har oyda belgilangan muddatlarda, biroq joriy to‘lov oyidan kechiktirmay to‘lanadi.

Nafaqa oluvchi O‘zbekiston hududi doirasida yashash uchun boshqa tuman yoki shaharga ko‘chganda, nafaqa to‘lash yangi yashash joyi bo‘yicha davom ettiriladi. Bunda to‘lov avvalgi yashash joyida nafaqa to‘lash to‘xtatilgan vaqtdan boshlab davom ettiriladi.

Normativ hujjatlar

Asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Chat