Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13491 marta o'qildi

Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar beriladi.


Davlat xizmati tuman va shaharlardagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.

Yo‘llanma olish uchun qaerga murojaat qilinadi?

Keksa yoki nogironligi bo‘lgan shaxs, shuningdek uning vakili:

  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali;
  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali

murojaat qilishi mumkin.

«Inson» markazining ijtimoiy xodimi fuqaroning roziligi bilan uning nomidan elektron ariza berishi mumkin.

Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi.

Kimlarga yo‘llanma beriladi?

Sanatoriyda davolanish uchun yo‘llanmalar quyidagi toifadagi shaxslarga beriladi:

  • urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tenglashtirilgan shaxslar;
  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari yoki beva erlari;
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilar;
  • Chernobilь AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar;
  • Chernobilь AES halokati sababli nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kuzatib boruvchi shaxs;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar;
  • yoshga doir pensiya oluvchilar.

Yo‘llanmalar soni sanatoriylardagi mavjud o‘rinlar hamda tegishli moliya yilida Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida belgilanadi.

Yo‘llanma olish uchun qanday hujjatlar kerak?

Murojaat qilishda quyidagilar taqdim etiladi:

  • imtiyozdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • pensiya guvohnomasi — mavjud bo‘lsa;
  • davolovchi shifokor tomonidan berilgan, sanatoriyda sog‘lomlashtirish tavsiya etilganligi haqidagi tibbiy ma’lumotnoma.

Qonunchilikda ko‘rsatilmagan boshqa ma’lumot va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Yo‘llanmalarni berish davriyligi

Yo‘llanmalar birinchi marta murojaat qilgan shaxslardan tashqari, quyidagi davriylikda navbat asosida beriladi.

Har yili:

  • urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilarga;
  • Chernobilь AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslarga;
  • Chernobilь AES halokati sababli nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslarga;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga.

Ikki yilda bir marta:

  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari yoki beva erlariga;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kuzatib boruvchi shaxsga.

Uch yilda bir marta:

  • yoshga doir pensiya oluvchilarga.

Yuqoridagi toifalardan biriga mansub bo‘lgan «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga yo‘llanma belgilangan davriylikka muvofiq, ularning murojaati asosida navbatsiz beriladi.

Yo‘llanma qancha muddatga beriladi?

Yo‘llanma keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 10 kunga beriladi.

Yo‘llanma, qoida tariqasida, uning amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin rasmiylashtiriladi.

Fuqaroga sanatoriyga joylashish navbati kelgani haqida yo‘llanma amal qilish muddati boshlanishidan 20 kun oldin, biroq kamida 10 kun oldin elektron pochta, SMS-xabar yoki «Inson» markazi xodimi orqali xabar beriladi.

Navbatni qanday kuzatish mumkin?

Murojaatlar «IHMA Sanatoriy» modulida elektron reestrga kiritiladi.

Fuqaro murojaatining holati va navbatini:

  • Davlat xizmatlari markazi orqali;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi orqali;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali;
  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali

real vaqt rejimida kuzatishi mumkin.

Yo‘llanmadan foydalanish qoidalari

Yo‘llanma:

  • faqat unda ko‘rsatilgan shaxs uchun amal qiladi;
  • boshqa shaxsga berilishi mumkin emas;
  • faqat unda ko‘rsatilgan muddatda haqiqiy hisoblanadi;
  • bir nafardan ortiq shaxs, jumladan bola bilan birga foydalanish uchun mo‘ljallanmagan.

Sanatoriyga yo‘llanmada ko‘rsatilgan muddatdan oldin qabul qilinmaydi.

Yo‘llanmaning amal qilish muddati boshlanganidan keyin 5 kun ichida sanatoriyga murojaat qilinmasa, yo‘llanma bekor qilinadi.

Yo‘llanmadan vaqtincha foydalana olmasa

Fuqaro salomatligi yoki boshqa asosli sabablarga ko‘ra yo‘llanmadan foydalana olmasa, uning amal qilish muddati boshlanishidan kamida 3 kun oldin «Inson» markazi yoki Davlat xizmatlari markazini xabardor qilishi kerak.

Fuqaro yo‘llanmadan foydalanishni rad etishi yoki yo‘llanma muddatini bir oyga uzaytirishni so‘rashi mumkin.

Navbat muddatini keyingi oyga ko‘chirishga faqat bir marta yo‘l qo‘yiladi.

Rad etish asosi

So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumot ko‘rsatilishi davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Davlat xizmatini boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Chat