Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21179 marta o'qildi

Qanday ekologik huquqlar kafolatlangan?

Har kim:

  • qulay atrof-muhitga;
  • atrof-muhitning holati haqida ishonchli axborot olishga;
  • ekologik qarorlar muhokamasida ishtirok etishga;
  • ekologik huquqbuzilish natijasida etkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash hamda Orolbo‘yi ekologik tizimini muhofaza qilish choralarini ko‘radi.

Qulay atrof-muhit — inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsiz bo‘lgan, tabiiy muvozanati saqlangan muhit.

Ekologik axborotni qanday olish mumkin?

Fuqaro davlat organlari va tashkilotlaridan, qonunchilikdagi cheklovlarni hisobga olgan holda:

  • havo va suv sifati;
  • chiqindilar va ifloslanish;
  • ekologik xavflar;
  • rejalashtirilayotgan qurilish yoki ishlab chiqarishning ta’siri;
  • ekologik ekspertiza va nazorat natijalari haqida axborot so‘rashi mumkin.

Axborot asossiz ravishda berilmasa yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilsa, rad javobi ustidan shikoyat qilish mumkin.

Jamoatchilik ekologik qarorlarda ishtirok etadimi?

Fuqarolar va jamoat tashkilotlari:

  • jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish;
  • ekologik ekspertizada ishtirok etish;
  • taklif va e’tirozlar bildirish;
  • jamoatchilik eshituvlarida qatnashish huquqiga ega.

Jamoatchilik eshituvlari atrof-muhitga ehtimoliy ta’sir ko‘rsatadigan loyiha davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishidan oldin tashkil etiladi. Uning natijalari rasmiy veb-saytlarda e’lon qilinishi kerak.

Atrof-muhitga ta’sirni baholash nima?

Atrof-muhitga ta’sirni baholash — rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning tabiat va inson sog‘lig‘iga ehtimoliy ta’sirini oldindan aniqlash tartib-taomili.

Ekologik xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan loyihalar bo‘yicha:

  • ta’sirni baholash materiallari tayyorlanadi;
  • jamoatchilik eshituvi o‘tkaziladi;
  • davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olinadi.

Ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasisiz qonunchilikda belgilangan ob’ektlar faoliyatini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolarning ekologik majburiyatlari

Har bir shaxs:

  • tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi;
  • chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlamasligi;
  • havo, suv va tuproqni ifloslantirmasligi;
  • o‘simlik va hayvonot dunyosiga qonunga xilof zarar etkazmasligi;
  • yong‘in va boshqa ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilishi shart.

Ekologik huquqlardan foydalanish boshqa shaxslarga va tabiatga zarar etkazish huquqini bermaydi.

Ekologik huquq buzilsa qaerga murojaat qilinadi?

Fuqaro:

  • ekologik nazorat organiga;
  • mahalliy hokimlikka;
  • sanitariya-epidemiologiya organiga;
  • prokuraturaga;
  • sudga murojaat qilishi mumkin.

Murojaatga foto, video, joylashuv, sana, guvohlar ma’lumoti, laboratoriya natijalari va boshqa dalillarni ilova qilish maqsadga muvofiq.

Shaxs sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzilish natijasida zarar etkazilgan bo‘lsa, zararni qoplash haqida sudga talab kiritish mumkin.

Chat