Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18377 marta o'qildi

Kimlar kredit olishi mumkin?

Kredit quyidagi yangi turmush qurgan yoshlarga mo‘ljallangan:

  • «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning yangi turmush qurgan farzandlariga;
  • «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning yangi turmush qurgan farzandlariga;
  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarga.

Ariza beruvchi kredit olish uchun murojaat qilingan kunda 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi kerak. Nikoh qayd etilganiga 3 yildan oshmagan bo‘lishi, yangi nikoh esa er va xotinning ikkalasi uchun ham birinchi nikoh bo‘lishi lozim.

Yana qanday talablar mavjud?

Qarz oluvchi:

  • kreditni qaytarish uchun etarli va hujjatlar bilan tasdiqlangan daromadga ega bo‘lishi;
  • barcha kredit va mikroqarzlari bo‘yicha qarz yuki oilaviy tasdiqlangan o‘rtacha daromadning 70 foizidan oshmasligi;
  • qo‘shimcha uy-joy qurilishi qiymatining kamida 15 foizi miqdorida boshlang‘ich badal shakllantira olishi;
  • avvalgi kreditlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi;
  • ilgari arzon uy-joy yoki imtiyozli ipoteka dasturlari doirasida tegishli uy-joy yordamidan foydalanmagan bo‘lishi kerak.

Qurilish uchun tegishli er uchastkasiga huquq va belgilangan tartibda kelishilgan loyiha ham bo‘lishi lozim.

Kredit qancha va qanday shartlarda beriladi?

Kredit:

  • 33 mln so‘mgacha;
  • 20 yilgacha;
  • bozor stavkasida;
  • mijoz xohishiga ko‘ra 6 oygacha imtiyozli davr bilan;
  • kamida 15 foiz boshlang‘ich badal shartida ajratiladi.

Agar qurilish qiymati kredit va boshlang‘ich badaldan yuqori bo‘lsa, ortgan qism qarz oluvchining o‘z mablag‘i yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan qoplanadi.

Nega kredit «garovsiz» hisoblanadi?

Qarz oluvchidan odatiy mol-mulk garovi talab qilinmaydi. Kreditni qaytarish ta’minoti sifatida tegishli jamg‘armaning kafilligi beriladi:

  • «Temir daftar» toifasi uchun — «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi;
  • «Ayollar daftari» toifasi uchun — «Ayollar daftari» jamg‘armasi;
  • «Yoshlar daftari» toifasi uchun — «Yoshlar daftari» jamg‘armasi.

Kafillik berilganligi uchun fuqarodan haq undirilmaydi.

Qaerga murojaat qilinadi?

Ariza beruvchi ishtirok etuvchi tijorat bankiga murojaat qiladi. Bank talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati va taxminiy xarajatlarni tushuntirishi kerak.

Hujjatlar to‘liq taqdim etilgandan keyin bank 3 ish kuni ichida kredit berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi. Rad etilsa, sabablari aniq ko‘rsatilgan yozma xulosa 3 ish kuni ichida beriladi. Kamchiliklar tuzatilgandan keyin qayta murojaat qilish mumkin.

Pul qanday ajratiladi?

Qurilish qarz oluvchining o‘z kuchi yoki o‘zini o‘zi band qilgan yollanma ishchilar orqali amalga oshirilsa, mablag‘ bajarilgan ishlar hajmiga qarab bosqichma-bosqich bank kartasiga o‘tkaziladi.

Pudrat tashkiloti jalb qilinsa, mablag‘ pudratchining hisobvarag‘iga naqd pulsiz shaklda o‘tkaziladi.

Eslatma: 33 mln so‘m — kreditning eng yuqori miqdori. Har bir ariza beruvchiga avtomatik ravishda to‘liq 33 mln so‘m ajratilmaydi; aniq summa qarz yuki, daromad va qurilish qiymatiga qarab bank tomonidan aniqlanadi.

Chat