Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4802 marta o'qildi

Merosdan majburiy ulush olish to‘g‘risidagi guvohnoma

Notarial xizmatning soddalashtirilgan tavsifi:

Meros qoldiruvchining voyaga etmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar.

Xizmatni olish uchun zarur bo‘lgan ho‘jjatlar ro‘yxati, nusxalari soni va asl hujjatlarni taqdim etish zarurligi ko‘rsatilgan:
  1. Fuqarolarning shaxsi quyidagi hujjatlarga asosan aniqlanadi:
    • O‘zbekiston fuqarolarining shaxsi — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti;
    • 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning shaxsi — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
    • harbiy xizmatchilarning shaxsi — harbiy qismlar va harbiy muassasalar qo‘mondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
    • chet el fuqarolarining shaxsi — ularning milliy pasporti (qonun hujjatlariga muvofiq chet el fuqarolari tegishli ichki ishlar organlari tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim) yoki O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoxud diplomatik pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;
    • fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun — O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi.
  2. Meros qoldiruvchining o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
  3. Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash (doimiy propiska qilingan) joyi haqidagi ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi yoki o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma yoxud uy daftaridan ko‘chirma;
  4. Meros tarkibining meros qoldiruvchiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
  5. Merosxo‘rlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalari (F.I.O. o‘zgargan taqdirda) yoki dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar yoxud qarindoshlik munosabatlarining haqiqiyligini belgilovchi sud hujjati;
  6. Meros qoldiruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi (ajrashganlik haqidagi guvohnoma) yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma.
  7. Merosni qabul qilish uchun ishochnoma (agar merosxo‘rning o‘zi meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani olishda ishtirok etaolmasa).
  8. Mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga quyidagilar kiradi:
    • meros ochilgan kunga kelib 55 yoshga kirgan ayollar, 60 yoshga kirgan erkaklar;
    • meros ochilgan kunga kelib belgilangan tartibda birinchi yoki ikkinchi guruh nogironlari deb topilgan shaxslar.
  9. Boshqa hujjatlar (zarur bo‘lsa).

Notarial harakatni ishtirokchilari:

 

Merosdan majburiy ulush olish to‘g‘risidagi guvohnoma kuyidagi merosxo‘rlarga beriladi:

  • Meros qoldiruvchining voyaga etmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari;
  • Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar.

Meroxo‘rlar Muomalaga layoqatsiz/muomala layoqati cheklangan/voyaga etmagan bo‘lgan hollarda, ularning qonuniy vakillari ularning nomidan va (yoki) ularning huzurida harakat qilishadi.

Xizmatni olish muddati: 

Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran 6 oy o‘tganidan keyin beriladi.

Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.

Chat