
Rezervchilar xizmati — haqiqiy harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan harbiy xizmatga majburlarni Qurolli Kuchlarni urush davrida zarur darajada butlash va ularning harbiy tayyorgarligini saqlash maqsadida tashkil etiladigan harbiy xizmat turidir.
Tinchlik davrida rezervchilar harbiy hisobdagi mutaxassisligi bo‘yicha ko‘nikmalarini saqlash va takomillashtirish uchun harbiy yig‘inlarga jalb qilinishi mumkin.
Rezerv birinchi va ikkinchi toifaga bo‘linadi.
Birinchi toifali rezerv, asosan, chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha xizmat o‘tagan:
— oddiy askar va serjantlar — 35 yoshgacha;
— kichik ofitserlar — 40 yoshgacha;
— katta ofitserlar — 50 yoshgacha;
— generallar tarkibi — 55 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlardan to‘ldiriladi.
Ikkinchi toifali rezervga chaqiruv, kontrakt yoki safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat o‘tagan:
— oddiy askar va serjantlar — 45 yoshgacha;
— kichik ofitserlar — 50 yoshgacha;
— katta ofitserlar — 55 yoshgacha;
— generallar tarkibi — 60 yoshgacha kiritilishi mumkin.
Birinchi toifali rezervchilar bir yilda ko‘pi bilan 3-marta, jami 30 sutkagacha o‘quv-mashq yig‘inlariga jalb qilinishi mumkin.
Ikkinchi toifali rezervchilar esa bir yilda ko‘pi bilan 2-marta, jami 15 sutkagacha jalb etiladi.
Sinov harbiy yig‘ini 5 sutkagacha bo‘lib, qoida tariqasida, 5 yilda ko‘pi bilan bir marta o‘tkaziladi.
Maxsus harbiy yig‘inlar Prezident qarori asosida o‘tkazilib, ularga bir yilda ko‘pi bilan 2 oygacha jalb etish mumkin.
Eslatma: harbiy yig‘in davrida, shu jumladan yig‘in joyiga borish va qaytish vaqtida rezervchining ish joyi, lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
Prezident farmoniga muvofiq rezervchilar:
— harbiy tajovuz yoki mamlakat xavfsizligiga tahdid yuzaga kelganda;
— tabiiy ofatlar;
— favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda Qurolli Kuchlar qismlari tarkibida jalb qilinishi mumkin.