Muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishni kechiktirish hududiy komissiya qarori bilan:
— oilaviy sharoitga;
— salomatlik holatiga;
— o‘qishni davom ettirish zaruratiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Chaqirilish, jumladan, quyidagi hollarda kechiktiriladi:
— ota-onasi mehnatga qobiliyatsiz va ularni boqishi shart bo‘lgan boshqa mehnatga qobiliyatli voyaga etgan o‘g‘li bo‘lmasa;
— mehnatga qobiliyatli yolg‘iz ota yoki onaning qaramog‘ida 16 yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq farzand bo‘lib, boshqa mehnatga qobiliyatli voyaga etgan o‘g‘li bo‘lmasa;
— chaqiruv kunida tug‘ishgan aka-ukalaridan biri muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan bo‘lsa;
— onasiz tarbiyalanayotgan voyaga etmagan bir farzandi bo‘lsa;
— xotinida I yoki II guruh nogironligi va voyaga etmagan ikki yoki undan ortiq farzandi bo‘lsa.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan chaqiriluvchilarga, shuningdek OTMning kunduzgi ta’lim shaklidagi talabalariga o‘qishni tamomlagunga qadar kechiktirish beriladi.
Ta’lim muassasasidan o‘qishdan chiqarilgan shaxs kechiktirish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Eslatma: OTMning kechki ta’lim shaklida o‘qishning o‘zi muddatli harbiy xizmatdan kechiktirish bermaydi. Biroq kunduzgi va kechki ta’lim talabalari o‘z roziligi bilan safarbarlik chaqiruvi rezerviga olinishi mumkin; ularning bir oylik yig‘inlari iyulь–avgust oylarida o‘tkaziladi.
Harbiy-tibbiy yoki hududiy tibbiy komissiya fuqaroni salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga vaqtincha yaroqsiz deb topishi mumkin.
Shu asosda hududiy komissiya chaqirilishni kechiktirish haqida qaror qabul qiladi.
Tinchlik davrida:
— salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganlar;
— aka-ukasi yoki opa-singlisi harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan yoki vafot etganlar;
— ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilotda diniy rutbaga ega bo‘lganlar chaqirilishdan ozod etiladi.
Yaqin qarindoshi harbiy xizmat vaqtida halok bo‘lgan shaxs o‘z roziligi bilan harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.
Kechiktirish uchun asos yo‘qolgan shaxslar, agar boshqa ozod qilish asosi bo‘lmasa, 27 yoshga to‘lgunga qadar navbatdagi chaqiruv vaqtida chaqiriladi.