Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3515 marta o'qildi

Muqobil xizmat fuqarolarning umumiy harbiy majburiyatni bajarishining chaqiruv bo‘yicha harbiy xizmat o‘rniga iqtisodiyot, ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida kam malaka talab etiladigan (yordamchi) ishlarni, shuningdek falokatlar, halokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan alohida turidir.

18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, harbiy ro‘yxatda turuvchi va xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan fuqarolar, agar ular diniy ta’limoti qurol-yarog‘dan foydalanish va Qurolli Kuchlarda xizmat qilishga yo‘l qo‘ymaydigan, ro‘yxatga olingan diniy tashkilotlar hisobida tursalar, muqobil xizmat huquqiga ega.

Muqobil xizmatning muddati 24 oyni, oliy ma’lumotli fuqarolar uchun esa 18 oyni tashkil etadi.

Fuqarolarning muqobil xizmatga chaqirilishi muddatli harbiy xizmatga chaqiriladiganlar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi, chaqiruvni tashkil etish va o‘tkazish esa hududiy komissiyalar va tuman (shahar) hokimliklari zimmasiga yuklatiladi.

Fuqarolar muqobil xizmatni turar joylaridagi yoki mamlakatning boshqa mintaqalaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda o‘taydilar. Bunday korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ro‘yxati, shuningdek muqobil xizmatdagi xizmatchilar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan ishlar va kasblarning turlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

  • Muqobil xizmatni o‘tayotgan fuqarolarga ish haqining 80% to‘lanadi.
  • Muqobil xizmatni o‘tayotgan fuqarolarning ish haqidan ushlab qolinayotgan summalar respublika byudjetiga o‘tkaziladi.
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi muqobil xizmat tuzilmalariga rahbarlikni mudofaa ishlari organlari amalga oshiradi.
  • Muqobil xizmatni tashkil etish va o‘tash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Chat