Fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni xorijiy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar va chet tillariga maqsadli tayyorlash tizimi amal qiladi.
O‘quv kurslari kasbiy ta’lim tashkilotlarida xorijiy ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji va mehnat bozori talablaridan kelib chiqib tashkil etiladi.
Tayyorlash jarayonida:
— muayyan kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar;
— xorijiy til;
— xorijiy davlatda ishlash uchun zarur kasbiy va kommunikatsion kompetentsiyalar o‘rgatiladi.
Kasbiy ta’lim tashkilotlarida fuqarolarni kasb va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha 1 yilgacha bo‘lgan ta’lim dasturlari tashkil etilishi mumkin.
O‘qish, qoida tariqasida, to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Ta’lim dasturlari xorijiy ish beruvchilarning aniq talablarini hisobga olgan holda shakllantirilishi mumkin.
Kursni belgilangan talablar asosida muvaffaqiyatli tamomlagan shaxsga tegishli namunadagi ta’lim hujjati beriladi.
Fuqaro chet tilini mustaqil ravishda yoki boshqa ta’lim markazida o‘rganib, belgilangan xalqaro yoki milliy sertifikatni olgan bo‘lsa, til o‘rganish uchun qilgan xarajatlarining 50 foizi, lekin 10 BHMdan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab berilishi mumkin.
Eslatma: kompensatsiya chet tilini o‘rgangan har bir shaxsga avtomatik ravishda berilmaydi. Belgilangan milliy yoki xalqaro sertifikatni olish va boshqa tegishli talablarga javob berish lozim.
Xorijiy davlatda ishlash uchun maqsadli tayyorlanayotgan nomzoddan, qoida tariqasida, chet tilini kamida B2 darajada bilish talab etiladi.
Germaniyadagi Ausbildung kabi dual kasbiy ta’lim dasturlarida ishtirok etish uchun nemis tili bo‘yicha kamida B1 daraja talab qilinishi mumkin.
Til darajasi tegishli tan olingan milliy yoki xalqaro sertifikat bilan tasdiqlanadi.
Maqsadli kurslarda yuqori natija ko‘rsatgan pedagog xodimlarga ularning ish samaradorligiga qarab lavozim maoshiga 100 foizgacha oylik ustama belgilash imkoniyati mavjud.
Bu mexanizm o‘quvchilarning chet tili va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha natijalarini oshirishga qaratilgan.