Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13637 marta o'qildi

Qonunchilikda ayrim toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga temir yo‘l va boshqa jamoat transportlaridan foydalanishda imtiyozlar belgilangan.


Temir yo‘l chiptasini qaytarishdagi imtiyoz

Chiptalar qaytarilganda, shahar atrofi yo‘nalishlaridagi chiptalar va qonunchilikda belgilangan ayrim holatlardan tashqari, yo‘lovchidan chiptani qaytarish operatsiyasi uchun yig‘im undiriladi.

Biroq urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush qatnashchilari va temir yo‘l transporti xodimlari chiptalarini qaytarganda, qaytarish operatsiyasi uchun yig‘im undirilmaydi.

Temir yo‘lda yiliga bir marta bepul yurish

Temir yo‘l transportida yiliga bir marta borish va kelish uchun bepul yurish huquqi quyidagilarga beriladi:

  • Sovet Ittifoqi Qahramonlari va Shon-shuhrat ordenining uchala darajasi bilan taqdirlangan shaxslarga;
  • yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilar orasidan I va II guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • Chernobilь AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga — O‘zbekiston Respublikasi hududida;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek ularni kuzatib boruvchi shaxsga.

Temir yo‘l chiptasiga 50 foiz chegirma

Temir yo‘lda yiliga bir marta borish va kelish uchun chiptaning to‘liq qiymatidan 50 foiz chegirma quyidagilarga talonlar va tegishli guvohnoma asosida beriladi:

  • III guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga.

Ushbu shaxslarga o‘z xohishiga ko‘ra ikki yillik talonlar — joriy va oldingi yil yoki joriy va keyingi yil talonlari evaziga ikki yilda bir marta bepul borish va kelish huquqi berilishi mumkin.

Bunda borish chiptasi ikkita «borish» taloni, qaytish chiptasi esa ikkita «kelish» taloni evaziga rasmiylashtiriladi.

Kuzatib boruvchi shaxs uchun chegirma

I guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxsni kuzatib boruvchi bir nafar shaxsga talonlar evaziga yiliga bir marta borish va kelish uchun chiptaning to‘liq qiymatidan 50 foiz chegirma beriladi.

Kuzatuvchi uchun chipta rasmiylashtirishda faqat joriy yil talonlari qabul qilinadi. Kuzatuvchiga talonlar evaziga bepul chipta rasmiylashtirilmaydi.

Imtiyozli chipta olish uchun hujjatlar

Imtiyozli chiptani rasmiylashtirish uchun chipta kassasiga imtiyoz olish huquqini tasdiqlovchi tegishli hujjat taqdim etiladi. Jumladan:

  • «Urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs guvohnomasi»;
  • «Urush qatnashchisi guvohnomasi»;
  • «Imtiyozga huquqi to‘g‘risida guvohnoma»;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxsni tegishli reestrga kiritish to‘g‘risida «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining qarori.

Chiptani navbatsiz olish huquqi

Shaxsini tasdiqlovchi va imtiyozga bo‘lgan huquqini ko‘rsatuvchi hujjatlar taqdim etilganda quyidagilar temir yo‘l chiptalarini kassada navbatsiz olish huquqiga ega:

  • Sovet Ittifoqi Qahramonlari, uch darajadagi Shon-shuhrat ordeni, «O‘zbekiston Qahramoni», «Sog‘lom avlod uchun» ordeni va «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan shaxslar;
  • urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
  • Chernobilь AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashgan shaxslar;
  • qonunchilikda ko‘rsatilgan boshqa shaxslar.

Chernobilь halokatidan jabrlangan shaxslarga transport imtiyozlari

Qonunchilikda belgilangan tegishli toifadagi Chernobilь halokatidan jabrlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • barcha turdagi shahar yo‘lovchi transportida, taksidan tashqari, bepul yurish;
  • yashash joyidagi ma’muriy tuman doirasida qishloq joylardagi umumiy foydalanish avtomobilь transportida, taksidan tashqari, bepul yurish;
  • shahar atrofida qatnaydigan temir yo‘l transporti va shahar atrofi avtobus yo‘nalishlarida bepul yurish;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan toifalar uchun yiliga bir marta temir yo‘lda borish va kelish uchun bepul yurish;
  • temir yo‘l qatnovi mavjud bo‘lmagan hududlarda havo, suv yoki shaharlararo avtomobilь transporti chiptalarini birinchi navbatda sotib olish.
Chat