2024-yil 1 sentyabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman va shaharlarida, 2025-yil 1-iyulga qadar esa respublikaning qolgan hududlarida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida:
fuqarolarga nogironlikni belgilash masalasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratildi;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlari oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda yuboriladi;
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari tomonidan shaxslarning funktsionalligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining nogironlikni baholash shkalasi asosida baholanadi. Baholash natijalari 2027-yil 1 yanvarga qadar nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi;
shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra “Inson” markaziga bora olmasa, uning sog‘lig‘i va funktsionalligi yashash joyida yoki davolanayotgan statsionarda baholanadi.
2024-yil 1 oktyabrdan psixiatriya, ftiziatriya va pulьmonologiya hamda pediatriya yo‘nalishlaridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilingan. Nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari tomonidan belgilanadi.
2025-yil 1 apreldan fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi ko‘rigiga yo‘llash uchun belgilangan umumiy davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilingan. Davolanish muddati har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi.
2025-yil 1-iyundan:
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi bekor qilingan;
vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish;
maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilash vazifalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilgan.
Shaxslarga nogironlikni belgilashda nogironlikning muddati va sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga ehtiyoj haqidagi ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantiriladi.
2027-yil 1 yanvardan tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari tomonidan faqat tibbiy hujjatlar asosida nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinadi.
Nogironlik shaxs sog‘lig‘ining holati va funktsionalligini baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilanadi.
Shaxsning sog‘lig‘i va funktsionalligini baholash natijalari o‘rtasida tafovut mavjud bo‘lsa, nogironlikni belgilash yoki rad etish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Fuqaroga birinchi marta nogironlik belgilangandan keyin “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan uni ta’lim va kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, sportga jalb etish va psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar rejasi ishlab chiqiladi.