Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 9516 marta o'qildi

Huquqiy muhofaza qachon paydo bo‘ladi?

Ixtiro, foydali modelь va sanoat namunasiga bo‘lgan huquq patent berilgan taqdirda huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

Patent sanoat mulki ob’ektiga nisbatan belgilangan huquqlarni tasdiqlaydi. Patent egasining mutlaq huquqi ob’ekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotlar Adliya vazirligining rasmiy axborotnomasida e’lon qilingan sanadan amal qiladi.

Patent egasi qanday huquqlarga ega?

Patent egasi muhofaza qilinayotgan ob’ektdan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga mutlaq huquqqa ega.

Jumladan, u:

  • patentlangan echimdan foydalanib mahsulot ishlab chiqarishi;
  • patentlangan texnologik usulni qo‘llashi;
  • tegishli mahsulotni sotishi yoki sotishga taklif qilishi;
  • uni import qilishi;
  • boshqa shaxsga litsenziya shartnomasi asosida foydalanish huquqini berishi mumkin. Patent egasi bo‘lmagan shaxs, qonunda belgilangan istisnolardan tashqari, patentlangan ob’ektdan faqat patent egasining ruxsati bilan foydalanadi.

Qaysi harakatlar patent huquqining buzilishi hisoblanadi?

Patent egasining ruxsatisiz:

  • patentlangan ob’ekt qo‘llangan mahsulotni tayyorlash;
  • qo‘llash;
  • import qilish;
  • sotishga taklif etish yoki sotish;
  • fuqarolik muomalasiga boshqa tarzda kiritish;
  • shu maqsadda saqlash;
  • patent bilan muhofaza qilinadigan usulni qo‘llash patent egasining mutlaq huquqini buzish hisoblanadi.

Biroq qonun ayrim holatlarni mutlaq huquqning buzilishi deb hisoblamaydi. Shu sababli har bir foydalanish holati alohida baholanadi.

Patent huquqini boshqa shaxsga berish mumkinmi?

Patent olish huquqi, talabnoma bilan bog‘liq huquqlar, patentga egalik huquqi va patentdan kelib chiqadigan mulkiy huquqlar boshqa shaxsga qonunda belgilangan tartibda to‘liq yoki qisman berilishi mumkin.

Shu bilan birga, ixtiro, foydali modelь yoki sanoat namunasiga mualliflik shaxsiy huquq hisoblanadi va muallifga tegishli bo‘lib qoladi.

Patent berish bilan kim shug‘ullanadi?

Sanoat mulki ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish sohasida vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi.

Adliya vazirligi talabnomalarni qabul qiladi, davlat ekspertizasini tashkil etadi, ob’ektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi va patent beradi. Talabnomaning davlat ekspertizasini Adliya vazirligi huzuridagi «Intellektual mulk markazi» davlat muassasasi o‘tkazadi.

Eslatma: g‘oya yoki texnik echimning o‘zi mavjud bo‘lishi uni avtomatik ravishda patent bilan himoya qilmaydi. Ixtiro, foydali modelь yoki sanoat namunasiga patent olish uchun belgilangan tartibda talabnoma va davlat ekspertizasi talab etiladi.

Chat