Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11608 marta o'qildi

Tovar belgisi nima?

Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi bir yuridik yoki jismoniy shaxsning tovar va xizmatlarini boshqa shaxslarning bir turdagi tovar va xizmatlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan belgidir.

So‘z, tasvir, hajmli belgi, ularning kombinatsiyasi va qonunchilik talablariga javob beradigan boshqa belgilar tovar belgisi sifatida muhofaza qilinishi mumkin. Huquqiy muhofaza davlat ro‘yxatidan o‘tkazish asosida beriladi.

Talabnoma qaerga beriladi?

Rezidentlar tovar belgisi uchun talabnomani:

  • Davlat xizmatlari markazi;
  • Adliya vazirligining maxsus axborot tizimi;
  • YaIDXP orqali topshirishi mumkin.

Norezidentlar DXM yoki vakolatli organning maxsus axborot tizimi orqali murojaat qiladi. Amaldagi tartibda tovar belgisi talabnomasini pochta orqali topshirish istisno qilingan.

Talabnoma qancha vaqtda ekspertizadan o‘tadi?

Dastlab rasmiy ekspertiza o‘tkaziladi. U talabnoma axborot tizimida qabul qilingan sanadan boshlab 30 kun davom etadi.

Belgining mohiyati bo‘yicha ekspertizasi talabnoma berilgan sanadan 7 oy ichida, biroq 6 oydan keyin amalga oshiriladi.

Talabgorning iltimosiga ko‘ra tezkor ekspertiza ham mavjud bo‘lib, u belgilangan shartlarda talabnoma ko‘rib chiqishga qabul qilinganidan keyin 1 oy ichida o‘tkaziladi.

Guvohnoma qancha vaqt amal qiladi?

Tovar belgisiga doir guvohnoma talabnoma berilgan sanadan boshlab 10 yil amal qiladi.

Uning amal qilish muddati egasining arizasi asosida har safar navbatdagi 10 yilga uzaytirilishi mumkin.

Agar tovar belgisidan O‘zbekiston hududida oxirgi 3 yil davomida uzluksiz foydalanilmasa, manfaatdor shaxsning arizasiga asosan sud uning amal qilishini muddatidan oldin to‘liq yoki qisman tugatishi mumkin.

2026-yildan yana qanday holatda guvohnoma tugatilishi mumkin?

2026-yil 8-avgustdan tovar belgisi egasi bo‘lgan yuridik shaxs tugatilsa yoki huquq egasi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etib, uning vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlari bo‘lmasa, manfaatdor shaxsning arizasiga ko‘ra sud guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisi egasi tovar yoki uning o‘rovida belgi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tganini ko‘rsatish uchun R yoki ® tamg‘asidan ham foydalanishi mumkin.

Tovar belgisi noqonuniy ishlatilsa nima talab qilish mumkin?

Tovar belgisi egasi huquqbuzardan zararni qoplashni yoki zarar o‘rniga 20 BHMdan 1 000 BHMgacha tovon to‘lashni talab qilishi mumkin.

Eslatma: firma nomi, domen nomi va tovar belgisi bir xil ob’ekt emas. Biznes nomi yoki domendan foydalanish tovar belgisiga alohida huquq olinganini anglatmaydi.

Chat