Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12258 marta o'qildi

Tovar kelib chiqqan joy nomi nima?

Tovar kelib chiqqan joy nomi — muayyan mamlakat, aholi punkti, joy yoki boshqa geografik ob’ektning tovarni belgilash uchun ishlatiladigan nomi bo‘lib, tovarning alohida xususiyatlari asosan yoki to‘liq shu hududga xos tabiiy sharoitlar yoxud boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Bu tushuncha geografik ko‘rsatkich bilan yaqin bo‘lsa-da, ular qonunchilikda alohida huquqiy ob’ektlar hisoblanadi.

Kim uni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin?

Tovar kelib chiqqan joy nomi mazkur geografik hududda joylashgan va tegishli maxsus xususiyatlarga ega tovarni ishlab chiqarayotgan bir yoki bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

Boshqa ishlab chiqaruvchi ham shu hududda joylashgan va uning tovari belgilangan xususiyatlarga ega bo‘lsa, tegishli tartibda mazkur nomdan foydalanish huquqini olishi mumkin.

Qaerga murojaat qilinadi?

Rezidentlar davlat xizmatidan:

  • Davlat xizmatlari markazi;
  • Adliya vazirligining maxsus axborot tizimi;
  • YaIDXP orqali foydalanishi mumkin.

Talabnoma qabul qilingach, u haqidagi asosiy ma’lumotlar axborot tizimiga 1 ish kuni ichida ochiq joylashtiriladi. Manfaatdor shaxslar ekspertiza qarori qabul qilinguniga qadar o‘z e’tirozlarini bildirishi mumkin.

Ekspertiza qancha davom etadi?

Rasmiy ekspertiza talabnoma axborot tizimida qabul qilinganidan boshlab 30 kun ichida o‘tkaziladi.

Shundan keyin talabnomada ifodalangan belgining ekspertizasi talabnoma ko‘rib chiqishga qabul qilinganidan boshlab 1 oy davomida amalga oshiriladi.

Guvohnoma qancha vaqt amal qiladi?

Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma talabnoma berilgan sanadan 10 yil amal qiladi.

Uning amal qilish muddati tegishli talablar saqlangan taqdirda har safar navbatdagi 10 yilga uzaytirilishi mumkin.

Guvohnoma elektron shaklda, QR-kod bilan tegishli reestrga ma’lumot kiritilgan o‘sha kunning o‘zida beriladi.

2026-yildan qanday yangi belgi qo‘llash mumkin?

2026-yil 8-avgustdan guvohnoma egasi tovarda, uning idishi yoki o‘rovida ushbu belgi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar kelib chiqqan joy nomi ekanini bildiruvchi maxsus ogohlantiruvchi tamg‘adan foydalanishi mumkin. Uning shakli Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Eslatma: muayyan hudud nomi tovarda ko‘rsatilishi uni avtomatik ravishda huquqiy muhofaza qilinadigan «tovar kelib chiqqan joy nomi»ga aylantirmaydi. Huquq belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali olinadi.

Chat