Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10504 marta o'qildi

Nimalar mualliflik huquqi bilan himoya qilinadi?

EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari mualliflik huquqi ob’ektlari hisoblanadi.

Huquqiy muhofaza dasturlash tili va ifodalanish shaklidan qat’i nazar EHM uchun dasturlarning barcha turlariga, shu jumladan operatsiya tizimlari va dasturiy majmualarning boshlang‘ich matni hamda ob’ekt kodiga tatbiq etiladi.

Ma’lumotlarni tanlash va tashkil etish ijodiy mehnat natijasi bo‘lgan ma’lumotlar bazasi ham muhofaza qilinadi.

G‘oya, algoritm yoki dasturlash tili himoya qilinadimi?

Mualliflik huquqi dastur yoki ma’lumotlar bazasi asosida yotgan:

  • g‘oya va printsiplar;
  • interfeysni tashkil etish g‘oyalari;
  • algoritmni tashkil etish printsiplari;
  • dasturlash tillarining o‘ziga tatbiq etilmaydi.

Muhofaza ijodiy natijaning muayyan ifoda shakliga nisbatan amal qiladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish shartmi?

Yo‘q. Dastur yoki ma’lumotlar bazasiga mualliflik huquqi u yaratilgan paytdan yuzaga keladi. Huquqni e’tirof etish va amalga oshirish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki boshqa rasmiyatchilik majburiy emas.

Biroq huquq egasi xohlasa, dasturni Dasturiy mahsulotlar davlat reestrida, ma’lumotlar bazasini esa Ma’lumotlar bazalari davlat reestrida ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish qanday amalga oshiriladi?

Talabnoma Adliya vazirligiga beriladi. «Intellektual mulk markazi» talabnoma kelib tushganidan boshlab 10 kun ichida zarur hujjatlar mavjudligini va belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi.

Natija ijobiy bo‘lsa, ob’ekt tegishli davlat reestriga kiritiladi va huquq egasiga QR-kodli elektron guvohnoma yuboriladi. Ma’lumotlar rasmiy axborotnomada ham e’lon qilinadi.

Ish joyida yaratilgan dastur kimga tegishli bo‘ladi?

Agar dastur yoki ma’lumotlar bazasi xodimning xizmat vazifalarini bajarishi jarayonida yoki ish beruvchining topshirig‘i asosida yaratilgan bo‘lsa, mulkiy huquqlar, agar muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ish beruvchiga tegishli bo‘ladi.

Muallifga haq to‘lash tartibi va mukofot miqdori taraflar shartnomasida belgilanadi.

Mulkiy huquqlarni boshqa shaxsga berish mumkinmi?

Ha. Dastur yoki ma’lumotlar bazasidan boshqa shaxsning foydalanishi, qonundagi istisnolardan tashqari, huquq egasi bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Mulkiy huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomani taraflar kelishuviga ko‘ra davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ham mumkin.

Eslatma: ixtiyoriy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mualliflik huquqini «yaratib bermaydi». Huquq dastur yoki baza yaratilgan paytdan mavjud bo‘ladi; ro‘yxat esa huquq egaligi haqidagi rasmiy ma’lumotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Chat