Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10414 marta o'qildi

Qanday javobgarlik turlari mavjud?

Intellektual mulk huquqini buzish holatiga qarab fuqarolik-huquqiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik kelib chiqishi mumkin.

Huquq egasi huquqbuzarlikni to‘xtatish, huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash, zararni qoplash, qonunda nazarda tutilgan hollarda tovon talab qilish va boshqa himoya usullaridan foydalanishi mumkin. Javobgarlik turi ob’ekt, harakatning xususiyati, takroriyligi va etkazilgan zararga bog‘liq.

Mualliflik huquqini buzish uchun ma’muriy jarima qancha?

Asar yoki turdosh huquqlar ob’ektidan qonunga xilof foydalanish, kontrafakt nusxalarni takrorlash, tarqatish yoki barchaning e’tiboriga etkazish:

  • fuqarolarga — 5 BHMdan 15 BHMgacha;
  • mansabdor shaxslarga — 15 BHMdan 30 BHMgacha jarimaga sabab bo‘ladi. Kontrafakt nusxalar, ularni tayyorlash va tarqatishda ishlatilgan material, uskuna va boshqa huquqbuzarlik qurollari musodara qilinadi.

Shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida takroran sodir etilsa, fuqarolarga 15–30 BHM, mansabdor shaxslarga 30–50 BHM jarima qo‘llaniladi.

Tovar belgisi yoki firma nomidan noqonuniy foydalanish-chi?

O‘zganing tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, geografik ko‘rsatkichi, tovar kelib chiqqan joy nomi yoki firma nomidan qonunga xilof foydalanish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, 15 BHMdan 30 BHMgacha jarimaga sabab bo‘ladi.

Bir yil ichida takroran sodir etilsa — 30 BHMdan 50 BHMgacha jarima belgilangan.

Patent va selektsiya huquqlarini buzish uchunchi?

Patentlangan ixtiro, foydali modelь yoki sanoat namunasidan, muhofaza qilinadigan integral mikrosxema topologiyasidan yoki patentlangan selektsiya yutug‘idan ruxsatsiz foydalanish:

  • fuqarolarga — 5–10 BHM;
  • mansabdor shaxslarga — 10–20 BHM jarima va huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilishga sabab bo‘ladi.

Bir yil ichida takroran sodir etilsa tegishlicha 10–20 BHM va 20–30 BHM jarima qo‘llaniladi.

Qachon jinoiy javobgarlik kelib chiqadi?

2025-yil 10 noyabrdan Jinoyat kodeksida intellektual mulk huquqlariga oid alohida jinoyat tarkiblari amal qiladi.

Xususan, ko‘p miqdorda zarar etkazgan holda:

  • mualliflik va turdosh huquqlarni buzish — 50–100 BHM jarima yoki ikki yilgacha boshqa jazolar, shu jumladan ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish;
  • tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, geografik ko‘rsatkich, tovar kelib chiqqan joy nomi yoki firma nomidan qonunga xilof foydalanish — 50–100 BHM jarima yoki ikki yilgacha boshqa jazolar;
  • patent, integral mikrosxema topologiyasi yoki selektsiya yutug‘i huquqlarini buzish — 50–75 BHM jarima yoki ikki yilgacha belgilangan boshqa jazolar bilan jazolanishi mumkin. Takroran, guruh bo‘lib, xizmat mavqeidan foydalanib yoki juda ko‘p zarar etkazgan holda sodir etilgan qilmishlar uchun og‘irroq jazolar belgilangan.

Ayrim ushbu jinoyatlarni birinchi marta sodir etgan shaxs etkazilgan moddiy zararni jinoyat aniqlangan kundan 30 kun ichida qoplasa, qonunda nazarda tutilgan shartlarda javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Eslatma: intellektual mulk huquqini buzish endi faqat «jarima bilan tugaydigan» ma’muriy huquqbuzarlik emas. Etkazilgan zarar va qilmishning xususiyatiga qarab jinoiy javobgarlik ham kelib chiqishi mumkin.

Chat