Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 31575 marta o'qildi

Uy-joyni ta’mirlash uchun ipoteka kreditlari rasmiylashtirish boshlandi

Kimlar kredit olishi mumkin?

Ushbu ipoteka krediti yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruktsiya qilish yoki ta’mirlash uchun ajratiladi.

Ariza beruvchi kambag‘allikdan chiqarish individual dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj shaxs bo‘lishi kerak. Amalda uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj shaxs deganda Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilaning shunday ehtiyojga ega a’zosi tushuniladi.

Qarz oluvchi:

  • 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
  • har oylik kredit to‘lovlarini amalga oshirish uchun etarli qonuniy daromadga ega bo‘lishi;
  • barcha kredit va mikroqarzlari bo‘yicha qarz yuki tasdiqlangan o‘rtacha oylik daromadining 60 foizidan oshmasligi;
  • avvalgi kreditlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi;
  • ilgari bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka va uning subsidiyasidan foydalanmagan bo‘lishi;
  • quriladigan er uchastkasi yoki rekonstruktsiya/ta’mir qilinadigan uy o‘ziga yoxud u bilan birga yashovchi yaqin qarindoshiga tegishli bo‘lishi va ariza beruvchi mazkur manzilda kamida 6 oy doimiy ro‘yxatda turgan bo‘lishi kerak.

Daromad qanday hisoblanadi?

O‘rtacha oylik daromad, qoida tariqasida, so‘nggi 12 oy davomidagi daromadlar asosida hisoblanadi. Agar shaxs 12 oydan kam ishlagan bo‘lsa, amalda ishlagan davri hisobga olinadi, biroq bu davr 6 oydan kam bo‘lmasligi kerak.

Daromad sifatida ish haqi, pensiya, jamg‘arib boriladigan pensiya badallari, foiz va dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan tushum, o‘zini o‘zi band qilishdan olingan daromad va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tasdiqlangan daromadlar hisobga olinishi mumkin.

Kreditning asosiy shartlari qanday?

Ipoteka krediti:

  • 120 mln so‘mgacha;
  • 20 yilgacha;
  • Markaziy bank asosiy stavkasiga 4 foiz band qo‘shilgan stavkada ajratiladi.

Kreditdan mavjud yakka tartibdagi uyni ta’mirlash yoki rekonstruktsiya qilish, shuningdek mavjud uyga tutash yoki alohida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun foydalanish mumkin.

Qanday subsidiya beriladi?

Davlat:

  • dastlabki badalni qoplash uchun kredit summasining 15 foizi miqdorida;
  • kreditning birinchi 5 yili davomida foiz stavkasining 12 foizdan oshgan qismi uchun subsidiya ajratadi.

Ushbu ipoteka kreditlari, qoida tariqasida, «Agrobank», Xalq banki, «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» orqali ajratiladi. Dastur doirasida kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko‘chmas mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq to‘lovlar 50 foizga kamaytiriladi.

Ariza qaerga beriladi?

Fuqaro dasturga kiritish va ipoteka krediti uchun tavsiya olish maqsadida bevosita «mahalla ettiligi»ga murojaat qilish huquqiga ega.

Murojaat 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Natijaga ko‘ra fuqaro dasturga kiritilib, unga tavsiya beriladi yoki rad etish sababi ko‘rsatilgan yozma xulosa taqdim etiladi.

Tavsiya berish, jumladan, quyidagi holatlarda rad etilishi mumkin:

  • oila tegishli dasturga kiritilmagan bo‘lsa;
  • shaxs uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj hisoblanmasa;
  • ariza beruvchi yoki uning turmush o‘rtog‘i ushbu imtiyozdan avval foydalangan bo‘lsa;
  • ilgari berilgan davlat ijtimoiy yordamidan maqsadsiz foydalanilgani haqida ma’lumot bo‘lsa;
  • uy-joy yoki er uchastkasiga nisbatan mulkiy huquq bo‘yicha nizo mavjud bo‘lsa.

Tavsiya olgandan keyin nima qilinadi?

Fuqaro qurilish materiallari va qurilish-montaj ishlari hisob-kitobini hamda bank talab qiladigan boshqa hujjatlarni ilova qilib tijorat bankiga murojaat qiladi.

Bank:

  • 1 ish kunida onlayn skoring o‘tkazadi;
  • hujjatlar to‘liq bo‘lsa, 3 ish kuni ichida kredit berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi;
  • rad etsa, 1 ish kuni ichida sabablarni aniq ko‘rsatgan yozma xulosa yuboradi.

Kamchiliklarni bartaraf etgan fuqaro bankka qayta murojaat qilishi mumkin. Ijobiy qaror qabul qilinsa, bank 1 ish kunida xabar beradi, kredit shartnomasi va to‘lov jadvali loyihasini taqdim etadi hamda shartnoma 2 ish kuni ichida imzolanadi.

Subsidiya qanday rasmiylashtiriladi?

Kredit shartnomasi imzolangandan keyin bank 2 ish kuni ichida subsidiya uchun buyurtmanoma yuboradi.

Dastlabki badal uchun subsidiya bankka 5 ish kuni ichida o‘tkaziladi. Foiz xarajatining subsidiyalanadigan qismi esa belgilangan tartibda har oy ajratib boriladi.

Kredit puli qanday beriladi?

Kredit bir yo‘la to‘liq emas, bosqichma-bosqich ajratiladi.

Agar ish fuqaroning o‘zi yoki yollanma ishchilar orqali bajarilsa, mablag‘ bajarilgan ishlar hajmiga mutanosib ravishda uning bank kartasiga o‘tkaziladi. Pudratchi jalb qilinsa, mablag‘ pudrat tashkiloti hisobvarag‘iga tushadi.

Ishlarni boshlash uchun birinchi bosqichda umumiy kredit summasining 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismi ajratiladi. Keyingi mablag‘lar bajarilgan ishlar joyiga chiqib o‘rganilgandan keyin beriladi.

Qanday ta’minot talab qilinadi?

Rekonstruktsiya yoki ta’mirlashda uy-joyning o‘zi kredit ta’minoti bo‘ladi. Yangi uy qurilayotganda qurilish tugagunga qadar uchinchi shaxs kafilligi va (yoki) boshqa ta’minot taqdim etiladi. Bunday ta’minotni notarial rasmiylashtirish uchun davlat boji undirilmaydi.

Ushbu maxsus dasturda ipoteka predmetini sug‘urta xavflaridan hamda kreditning qaytmaslik xataridan sug‘urta qilish talabi qo‘llanilmaydi.

Kredit maqsadsiz ishlatilsa nima bo‘ladi?

Bank kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qiladi. Mablag‘ boshqa maqsadda ishlatilgani aniqlansa, kreditning qolgan qismini ajratish to‘xtatilishi va kredit hamda subsidiyani muddatidan oldin undirish choralari ko‘rilishi mumkin.

Eslatma: «mahalla ettiligi» tavsiyasi kredit avtomatik ravishda beriladi degani emas. Fuqaro tavsiyadan keyin ham bankning daromad, kredit tarixi va boshqa muvofiqlik talablaridan o‘tishi kerak. Rad etish yoki boshqa xatti-harakatlar ustidan yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Chat