
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hududda istiqomat qiluvchi 30–65 yoshdagi xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantiradi va ularni skriningga taklif qiladi.
30–50 yoshdagi xotin-qizlar bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha odam papillomasi virusini PZR usulida aniqlash va suyuqlik tsitologiyasi orqali tekshiriladi.
30–65 yoshdagi xotin-qizlar har ikki yilda bir marta tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkaziladi. Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashda ko‘rik va belgilangan ko‘rsatmalar asosida mammografiya qo‘llanadi.
Skriningda shubhali holat aniqlansa, xotin-qiz qo‘shimcha tekshiruv uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi.
Skrining natijasida onkologik kasallik aniqlangan bemorni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Onkonazorat xonalarida akusher-ginekologlar faoliyati, mobil va statsionar mammograflar ishi, mammografiya tasvirlarini markazlashtirilgan o‘qish hamda HPV test tizimlari sifatini nazorat qilish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan. Skriningga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin.
Alomatlar yoki shubhali o‘zgarishlar mavjud bo‘lsa, navbatdagi rejali skriningni kutmasdan oilaviy shifokorga murojaat qilish kerak.
Tartib Prezidentning PQ-402-son qarori bilan belgilangan.