Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 7883 marta o'qildi

Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi

Davlat hisobidan yuridik yordam nima?

Davlat hisobidan yuridik yordam — jismoniy shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun davlat mablag‘lari hisobidan to‘liq yoki qisman ko‘rsatiladigan malakali yuridik yordam.

Bunday yordamni faqat davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reestriga kiritilgan advokat ko‘rsatadi.

Kimlar yuridik yordam olish huquqiga ega?

Quyidagilar davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkin:

  • belgilangan ishlar bo‘yicha kam ta’minlangan shaxslar;
  • psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan ruhiy holati buzilgan shaxslar;
  • xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan shaxslar;
  • jinoyat ishida advokat ishtiroki majburiy bo‘lgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchilar.

Jinoyat ishida advokat ishtiroki qonun bo‘yicha majburiy bo‘lsa, shaxsning Ijtimoiy reestrda turishi talab qilinmaydi.

Kam ta’minlangan shaxslarga qaysi ishlar bo‘yicha yordam beriladi?

Kam ta’minlangan shaxslarga, jumladan:

  • muayyan ishda qo‘llangan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish uchun Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish;
  • ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash yoki to‘lash;
  • ishga tiklash va ish haqini undirish;
  • aliment undirish;
  • uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish yoki ko‘chirish;
  • mehnatda mayib bo‘lish, sog‘liqqa zarar yoki boquvchining vafoti tufayli zararni qoplash;
  • tergov, prokuratura yoki sudning qonunga xilof harakati tufayli zararni qoplash bilan bog‘liq fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

Qaerga va qanday murojaat qilinadi?

Jismoniy shaxs eksterritoriallik printsipi asosida istalgan tuman yoki shahar adliya bo‘limiga:

  • og‘zaki;
  • yozma;
  • elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

Elektron murojaat OneID orqali identifikatsiyadan o‘tgan holda «Yuridik yordam» axborot tizimi orqali yuboriladi.

Eksterritoriallik printsipi — shaxsning doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar, istalgan vakolatli hududiy organga murojaat qilish huquqi.

Qanday hujjatlar taqdim etiladi?

Odatda quyidagilar talab qilinadi:

  • davlat hisobidan yuridik yordam olish haqidagi ariza;
  • pasport yoki ID-karta ma’lumotlari;
  • vakil murojaat qilsa, ishonchnoma yoki uning vakolatini tasdiqlovchi hujjat;
  • zaruratga qarab psixiatriya muassasasining ma’lumotnomasi;
  • teng huquqlilik buzilganligi haqidagi ish sudda ko‘rilayotganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.

Kam ta’minlanganlik holati «Yuridik yordam» tizimi orqali elektron ravishda tekshiriladi.

Ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?

Ariza yoki vakolatli organning so‘rovi kelib tushgan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtiroki majburiy bo‘lgan hollarda Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan maxsus muddatlar qo‘llaniladi.

Advokat qanday tanlanadi?

Ijobiy qaror «Yuridik yordam» axborot tizimida ro‘yxatga olingandan keyin advokat avtomatik ravishda tanlanadi.

Tanlashda:

  • advokatning ixtisoslashuvi;
  • faoliyat yuritadigan hududi;
  • ish yuritish tili hisobga olinadi.

Tanlangan advokat haqidagi ma’lumot murojaatchiga yoki so‘rov yuborgan vakolatli organga etkaziladi.

Qaysi hollarda rad etilishi mumkin?

Yordam:

  • shaxs yoki ish Qonundagi talablarga javob bermasa;
  • zarur hujjatlar taqdim etilmasa;
  • taqdim etilgan hujjatlarda yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumot bo‘lsa;
  • ayni taraflar, predmet va asoslar bo‘yicha huquqiy himoyaning barcha vositalari avval qo‘llangan bo‘lsa rad etilishi mumkin.

Rad etish sababi murojaatchiga bildirilishi shart. Rad etish ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin. Yuridik yordam ko‘rsatish jarayonida olingan axborotning maxfiyligi ta’minlanishi kerak.

Chat