Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10865 marta o'qildi

Pensiya bilan nafaqaning farqi nimada?

Pensiya va nafaqa — ijtimoiy ta’minotning bir-biridan farq qiluvchi turlaridir. Ularni tayinlash asoslari, hisoblash tartibi va to‘lov miqdori turlicha bo‘ladi.

Pensiya — fuqaroga yoshga to‘lishi, nogironlik belgilanishi yoki boquvchisini yo‘qotishi munosabati bilan qonunchilikda belgilangan shartlar asosida muntazam to‘lanadigan pul ta’minoti.

Nafaqa — qonunchilikda nazarda tutilgan muayyan ijtimoiy holat yuzaga kelganda fuqaroga tayinlanadigan pul to‘lovi.

Pensiyaning asosiy xususiyatlari

Davlat pensiyalarining quyidagi turlari mavjud:

  • yoshga doir pensiya;
  • nogironlik pensiyasi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Pensiya tayinlashda pensiya turiga qarab fuqaroning:

  • yoshi;
  • ish staji;
  • ish haqi va mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari;
  • nogironlik holati;
  • boquvchisining ish staji kabi holatlar hisobga olinadi.

Ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oila a’zolari davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmasligi mumkin. Bunday shaxslarni ijtimoiy ta’minlash tartibi alohida qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.

Nafaqaning asosiy xususiyatlari

Nafaqalar muayyan ijtimoiy toifalarga yoki qonunchilikda belgilangan holatlarda tayinlanadi.

Jumladan:

  • yoshga doir nafaqa;
  • nogironlik nafaqasi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa;
  • parvarishlash nafaqasi;
  • homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
  • kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam kabi to‘lovlar mavjud.

Nafaqaning miqdori va uni tayinlash shartlari nafaqaning turiga qarab alohida belgilanadi.

Asosiy farqlar

Pensiya odatda shaxsning ish staji, ish haqi, yoshi, nogironligi yoki boquvchisining mehnat faoliyati bilan bog‘liq holda tayinlanadi.

Nafaqa esa muayyan ijtimoiy holat, ehtiyoj yoki shaxsning qonunchilikda belgilangan toifaga mansubligi asosida tayinlanadi.

Shu sababli «nafaqa» pensiya so‘zining tarjimasi emas. Ular alohida huquqiy asoslar va tayinlash tartibiga ega bo‘lgan ijtimoiy to‘lovlardir.

Chat