Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10884 marta o'qildi

Pensiyani ishonchnoma orqali olish mumkinmi?

Pensiya qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ishonchli vakilga to‘lanishi mumkin.

Ishonchnoma — bir shaxsning boshqa shaxsga uning nomidan muayyan harakatlarni amalga oshirish uchun bergan yozma vakolati.

Ishonchli vakil — ishonchnoma asosida pensioner nomidan pensiya olish vakolati berilgan shaxs.

Chet elda rasmiylashtirilgan ishonchnomaga qanday talab qo‘yiladi?

O‘zbekistondan tashqarida rasmiylashtirilgan ishonchnomaga, qoida tariqasida, uni rasmiylashtirgan davlatning vakolatli organi tomonidan apostilь qo‘yilishi kerak.

Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Minsk konventsiyasi ishtirokchisi bo‘lgan MDH davlatlarida rasmiylashtirilgan hujjatlarga apostilь qo‘yish talab etilmaydi.

Apostilь — xorijiy davlatda rasmiylashtirilgan rasmiy hujjatning haqiqiyligini tasdiqlovchi maxsus belgi.

Zarur hollarda xorijiy tildagi ishonchnoma qonunchilikda belgilangan tartibda tarjima qilinishi kerak.

Ishonchli vakil qanday harakat qiladi?

Ishonchli vakil:

  • ishonchnomaning asl nusxasini pensiyani etkazib beruvchi tashkilot yoki tijorat banki filialiga taqdim etadi;
  • shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi;
  • pensiya to‘loviga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘ziga ma’lum holatlar haqida Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga xabar beradi.

Ishonchnoma pensiyani etkazib beruvchi tashkilot bo‘linmasida saqlanadi. Uning tasdiqlangan nusxasi ishonchnoma taqdim etilgan kundan boshlab 10 kun ichida Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga yuboriladi.

Pensioner pensiya huquqini qanday tasdiqlaydi?

Ishonchnoma bergan pensioner Pensiya jamg‘armasi bo‘limlaridan biriga bir yilda kamida bir marta shaxsan kelib, tayinlangan pensiyaga bo‘lgan huquqini tasdiqlashi kerak.

Pensioner chet elda bo‘lib, O‘zbekistonga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat qilishi mumkin.

Bunda pensioner:

  • xorijiy davlatda doimiy yashamayotganini;
  • ushbu davlatdan pensiya yoki ijtimoiy nafaqa olmayotganini tasdiqlashi lozim.

Belgilangan muddatda pensiya huquqi tasdiqlanmasa, pensiya to‘lovi vaqtincha to‘xtatib turilishi mumkin.

Kimlar ishonchli vakil bo‘la olmaydi?

Pensiya oluvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi:

  • Pensiya jamg‘armasi bo‘limi xodimi;
  • pensiyani etkazib beruvchi tashkilot xodimi;
  • tijorat banki filiali xodimi ishonchnoma asosida pensionerning pensiyasini olishi qat’iyan taqiqlanadi.
Chat