Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8835 marta o'qildi

Davlat buyurtmasi va grant kvotalari

Davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida oldindan taqsimlash amaliyoti bekor qilingan. Ular:

  • bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha;
  • asosan kunduzgi ta’lim shakli uchun;
  • muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlarga ustuvorlik bergan holda tasdiqlanadi.

Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimidagi taqsimoti tegishli yo‘nalish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abiturientlarning tanlovi va to‘plagan ballari asosida amalga oshiriladi.

2025-yildan davlat buyurtmasi parametrlari oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj prognozi asosida 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.

«Avval test, so‘ng tanlov» tamoyili

Davlat oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlarga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida o‘tkaziladi.

Abiturient test natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib:

  1. dastlab oliy ta’limning bakalavriat yo‘nalishlariga;
  2. shundan keyin texnikumlarga o‘qishga kirish tanlovida ishtirok etadi.

Bakalavriatga qabulning birinchi bosqichi

Abiturient har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar, shu jumladan 25-iyunь kuni ham, test sinovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

Ro‘yxatdan o‘tish vaqtida:

  • test topshiriladigan fanlar majmuasi;
  • ta’lim tili;
  • test topshirish hududi;
  • kasbiy yoki ijodiy imtihon mavjud bo‘lsa, uni topshirish uchun davlat oliy ta’lim muassasasi tanlanadi.

Kirish imtihonlari iyulь–avgust oylarida o‘tkaziladi.

Bakalavriatga qabulning ikkinchi bosqichi

Test sinovlari to‘liq yakunlanganidan keyin abiturientga 15 kun davomida quyidagilarni tanlash imkoniyati beriladi:

  • oliy ta’lim muassasasi;
  • bakalavriat ta’lim yo‘nalishi;
  • ta’lim shakli.

Muhim: abiturient ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichida oliy ta’lim muassasasi va yo‘nalishni yakuniy tanlamaydi. Ushbu tanlov test sinovlari tugaganidan keyin, to‘plangan balldan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Chet tili sertifikati talab qilinadigan yo‘nalishlar

Fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.

Texnikumni tanlash

Texnikumga kirish istagidagi abiturient:

  • texnikumni;
  • kasb va mutaxassislikni;
  • ta’lim shaklini oliy ta’lim tashkilotlariga qabulning yakuniy natijalari e’lon qilinganidan keyin 10 kun ichida tanlaydi.

Texnikumlarda to‘lmay qolgan vakant o‘rinlarga qo‘shimcha qabul Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Chat