– hokimiyatning funktsional xarakterga ega bo‘lgan xususiyatlaridan biri bo‘lib, jamiyatda siyosiy hokimiyatni amalga oshirishning usul va uslublari, metodlari, shakllari hamda vositalari tizimi. Mazkur tushuncha ilmiy doiralarda XX a.ning 60-y.larida paydo bo‘lgan bo‘lib, uning demokratik va demokratiyaga zid shakllari ajratib ko‘rsatiladi. D.r.ning quyidagi turlari mavjud: a) demokratik; b) nodemokratik (avtoritar, totalitar, fashistik, harbiy xunta va b.). Demokratik D.r.ga quyidagi belgilar xos: 1) iqtisodiy faoliyat sohasida shaxsning erkinligi; 2) shaxsiy huquq va erkinliklarning kafolatlanganligi; 3) davlat hokimiyati xarakteriga xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishning samarali mexanizmi mavjudligi; 4) shaxsning qonunsizlik va hokimiyatning har xil suiiste’mol qilishlardan himoyalanganligi; 5) jamiyat hayotiga oid bo‘lgan eng muhim masalalar bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlarning ko‘pchilik tomonidan ozchilikning manfaatlari maksimal darajada e’tiborga olingan holda qabul qilinishi; 6) siyosiy tizimning boshqa elementlari b-n bo‘lgan munosabatlarda ko‘pfikrlilikka amal qilish; 7) davlatning barcha organlari faoliyatining qonuniylik printsipiga bo‘ysunishi; 8) hokimiyat vakolatlarining taqsimlanganligi va b. Nodemokratik D.r.ga quyidagi belgilar xos: 1) ijtimoiy hayotning barcha sohalari ustidan davlatning to‘la nazorati o‘rnatilganligi; 2) jamoat tashkilotlarining davlat tomonidan nazorat qilinishi; 3) fuqarolarning huquq va erkinliklari amalda tatbiq etilmasligi; 4) ommaviy axborot vositalari ustidan to‘la nazoratning o‘rnatilishi, tsenzuraning mavjudligi; 5) yagona partiya diktaturasining o‘rnatilganligi; 6) rasmiy mafkuraga mos kelmaydigan diniy, siyosiy va b. qarashlar uchun ta’qib ostiga olinishi; 7) davlat hokimiyatini amalga oshirishda qonuniylik printsipiga amal qilinmasligi; 8) hokimiyatning qat’iy markazlashganligi hamda davlat boshlig‘i shaxsining ilohiylashtirilishi va b.