Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4748 marta o'qildi

10 yoshli nabirani xorijga sayohatga olib chiqish mumkinmi?

Ha. Bobo yoki buvi voyaga etmagan nabirasini xorijga olib chiqishi mumkin. Buning uchun bolaning xorijga chiqish biometrik pasporti va qonunchilikda belgilangan rozilik hujjatlari mavjud bo‘lishi kerak.

Ota-onalarning notarial roziligi kerakmi?

Voyaga etmagan bolaning xorijga chiqishi uchun ota-onalar yoki boshqa qonuniy vakillarning roziligi talab qilinadi.

Agar bobo yoki buvi bolani sayohatga olib chiqayotgan bo‘lsa, rozilikda:

  • bolaning ma’lumotlari;
  • hamrohlik qiluvchi shaxsning ma’lumotlari;
  • safar qilinadigan davlat;
  • safar muddati;
  • xorijga chiqish maqsadi aniq ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq.

Bobo yoki buvi ham alohida majburiyat rasmiylashtiradimi?

Ha. Bola bilan uning ota-onasi, vasiysi yoki homiysi emas, balki bobo, buvi yoxud boshqa shaxs safar qilsa, hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati talab qilinadi.

Unda hamrohlik qiluvchi shaxs bolaning xavfsizligi, nazorati va belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytishi uchun mas’uliyatni zimmasiga oladi.

Muhim: ota-onalarning roziligi va hamrohlik qiluvchi shaxsning majburiyati — mazmunan bir-biridan farq qiladigan alohida hujjatlardir.

Qanday hollarda ota-onalardan birining roziligi talab qilinmaydi?

Qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarda, jumladan:

  • ota-onalardan biri vafot etgan bo‘lsa;
  • bola yolg‘iz ona tomonidan tarbiyalanayotgani rasmiy tasdiqlangan bo‘lsa;
  • ota-onalardan biri ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa;
  • ota-onalardan biri bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, uning roziligi tegishli tasdiqlovchi hujjat asosida talab qilinmasligi mumkin.

Qo‘shimcha talablarni ham tekshirish kerakmi?

Ha. Safardan oldin boriladigan davlatning:

  • viza;
  • bolalarning kirishi;
  • sug‘urta;
  • rozilik hujjatining tarjimasi;
  • apostilь yoki legallashtirish bo‘yicha talablarini alohida tekshirish lozim.

Tartib O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi PQ–4079-son qaror va «Notariat to‘g‘risida»gi Qonun bilan belgilanadi.

Chat