Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 58 marta o'qildi

O‘zbekiston Respublikasi Konstituttsiyasining 42-moddasiga muvofiq, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.

Mehnat kodeksining 121-moddasiga muvofiq, o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslarning (ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotin, shuningdek er-xotinning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat tashkilotida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga yoki uning nazorati ostida bo‘lishiga bog‘liq bo‘lsa taqiqlanadi. Ushbu qoidadan istisnolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-noyabrdagi 758-son qarorini 3-ilovasida “Qarindoshlarning birga ishlashlarini cheklash to‘g‘risidagi qoidalardan istisnolarga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari xodimlarining ro‘yxati” tasdiqlangan bo‘lib, ushbu ro‘yxatga quyidagilar kiritilgan:

1. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining xodimlari.

2. Qishloq joylardagi qishloq xo‘jaligi tashkilotlari va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari.

3. Temir yo‘l transportining liniya tashkilotlari, yo‘l, qurilish-montaj va temir yo‘llarning ixtisoslashtirilgan trestlarining qurilish-montaj va ko‘priksozlik poezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalari va boshqa harakatlanuvchi tuzilmalarning xodimlari, ushbu korxona va tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari.

4. Aloqadan foydalanish tashkilotlari xodimlari.

5. Sog‘liqni saqlash, davolash-profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tashkilotlarining shifokorlari.

6. Barcha ta’lim tashkilotlaridagi pedagog xodimlar, o‘qituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar.

7. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq mehnat shartnomasi tuzilmaydigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari.

8. Teatrlar, badiiy jamoalar va studiyalarning ijodiy xodimlari.

9. Arxivlar xodimlari, ilmiy muassasalar xodimlari, muassasalarning bosh buxgalterlari, buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari, shuningdek, seysmik stantsiyalar xodimlari.

10. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tarmoq tashkilotlarining xodimlari.

11. Dala geologiya (ekspeditsiyalari, uchastkalari va boshqa) tashkilotlari xodimlari.

12. Qishloq joylarda ishlaydigan o‘rmon va suv xo‘jaligi mutaxassislari, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlari, tibbiyot xodimlari, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlari.

13. Umumiy foydalanishdagi avtomobilь yo‘llaridan foydalanadigan yo‘l tashkilotlarining xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari.

14. Qurilish-montaj va ko‘priksozlik qurish poezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalar va boshqa ko‘chma maxsus qurilish tuzilmalarining xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari.

15. Daryo floti kemalarining suzuvchi tarkibi xodimlari va daryo transportidan foydalanish tashkilotlari xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari.

16. Magistral quvurlar o‘tkazish hamda neftь va gaz konlarini tartibga keltiruvchi qurilish, qurilish-montaj va boshqa ixtisoslashtirilgan boshqarma va uchastkalarning xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari.

17. Havza va ko‘llardagi baliqchilik tashkilotlari xodimlari, ushbu tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari.

Shunga ko‘ra, mazkur ro‘yxatda ko‘rsatilmagan qarindoshlarning davlat tashkilotlarida birga ishlashlari ta’qiqlanadi.

Chat