Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2735 marta o'qildi
Notarius - chto nujno znatь o professii?

Spirtli ichimlik iste’mol qilgan shaxsga notarial xizmat ko‘rsatish avtomatik rad etiladimi?

Yo‘q. Shaxsning spirtli ichimlik iste’mol qilgani o‘z-o‘zidan notarial harakatni rad etish uchun mustaqil asos hisoblanmaydi.

Notarius murojaat qilgan shaxsning:

  • o‘z harakatlari ahamiyatini tushunayotgani;
  • harakatlarini boshqara olayotgani;
  • hujjat mazmunini anglayotgani;
  • erkin xohish-irodasini ifoda etayotgani kabi holatlarni shaxsiy muloqot davomida baholaydi.

Shaxs mastligi sababli hujjat mazmunini tushunmasa nima bo‘ladi?

Agar shaxs hujjat mazmunini tushuna olmasa, o‘z harakatlarini boshqara olmasa yoki uning haqiqiy xohish-irodasini aniqlash imkoni bo‘lmasa, notarius harakatni amalga oshirmasligi va masalani keyinga qoldirishi lozim.

Shaxs hushyor holatda qayta murojaat qilishi mumkin.

Muhim: notarial bitim shaxsning ongli, tushunilgan va erkin xohish-irodasiga asoslanishi kerak.

Muomala layoqati bo‘yicha shubha tug‘ilsa nima qilinadi?

Agar notarius shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb hisoblash uchun asoslar mavjudligidan shubhalansa, notarial harakatni kechiktiradi.

So‘ng sudning mazkur shaxsni:

  • muomalaga layoqatsiz;
  • muomala layoqati cheklangan deb topgan qarori mavjud yoki mavjud emasligi «Notarius» axborot tizimi orqali tekshiriladi.

Qachon notarius rasman rad etadi?

Agar shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida qaror chiqaradi.

Agar shaxsning muomala layoqati sud tomonidan cheklangan bo‘lsa, notarial harakatni amalga oshirishda uning homiysi roziligi talab qilinadi.

Notariusning rad etish qarori ustidan shikoyat qilish mumkinmi?

Ha. Notarius rad etish sabablarini ko‘rsatgan yozma qaror chiqarishi va murojaat qiluvchiga ushbu qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqini tushuntirishi lozim.

Mazkur tartib «Notariat to‘g‘risida»gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma bilan belgilanadi.

Chat