Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 27 marta o'qildi


Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish bozor iqtisodiyotining asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida iste’molchilar uchun juda ko‘plab tovarlar va xizmatlar uchun takliflar mavjud bo‘ladi. Iste’molchida ular orasidan eng sifatli va ishonchlisini tashlab olish imkoniyati yuzaga keladi. Buning uchun iste’molchilar xizmatlar va tovarlarning qanday tanlab olishni bilishi zarur. Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan. Ushbu Qonun iste’molchilarga ularning qanday huquq va majburiyatlari borligini tushuntiradi.

Mazkur qonunning 6-moddasiga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar iste’molchilarga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovarlar, ishlar va xizmatlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Bunda mazkur ma’lumot tovarlarning etiketkalarida, tamg‘alarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning, ishlarning va xizmatlarning ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste’molchilarga etkazilishi mumkin.

Iste’molchilarga realizatsiya qilinayotgan tovarlar, ishlar va xizmatlar haqida qanday ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim?

Tovar (ish, xizmat) haqidagi ma’lumotda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:

1) tovarning (ishning, xizmatning) nomi;

2) tovar (ish, xizmat) majburiy talablariga muvofiq kelishi shart bo‘lgan normativ hujjatning nomi;

3) tovar (ish, xizmat)ning asosiy iste’mol xususiyatlari, shu jumladan, o‘ziga xos xususiyatlari ro‘yxati;

4) narxi (tarifi) va sotib olish shartlari;

5) normativ-huquqiy hujjatlarga yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqarish sanasi ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan tovarning ishlab chiqarilgan sanasi;

6) ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari;

7) tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari;

8) tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati va ushbu muddat tugaganidan keyin iste’molchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarni bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

9) ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) to‘liq nomi va joylashgan eri (yuridik manzili), litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan eri (yuridik manzili);

10) tovar kelib chiqqan mamlakatning nomi;

11) ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari;

12) tovarlarni saqlash, xavfsiz utilizatsiya qilish usullari hamda qoidalari.

Iste’molchilar uchun taklif etilayotgan tovarlar, ishlar va xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etilishi shart. Mazkur ma’lumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.

Agar taklif etilayotgan tovarlar, ishlar va xizmatlar haqida noto‘g‘ri yoki etarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi:

zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga etkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab bo‘lsa, iste’molchi tegishli ma’lumot oqilona qisqa (ko‘pi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar ma’lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste’molchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘iga yoxud mol-mulkiga zarar etkazilishiga sabab bo‘lsa, u ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oldiga qonunchilikda nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqlidir.

Noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga etkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Chat