
Tavsiyanoma Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan:
— jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishgan;
— zarur bilim darajasiga ega;
— namunali harbiy intizomni namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.
Tavsiyanomaga ega fuqaro:
— oliy harbiy ta’lim muassasasining tegishli yo‘nalishiga kirishda testda to‘plagan balliga 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ball oladi;
— boshqa davlat OTMlari bakalavriatiga kirishda umumiy qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.
Eslatma: oddiy davlat OTMiga kirishda tavsiyanoma abiturientning test balliga 50 foiz qo‘shib bermaydi. 50 foizlik qo‘shimcha ball aynan oliy harbiy ta’lim muassasalariga taalluqli. Boshqa OTMlarda esa alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlov huquqi beriladi.
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida amal qiladi.
Xizmat davomida harbiy xizmatchining:
— o‘quv fanlaridan natijalari;
— jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi;
— namunaviy intizomi;
— maxsus test natijalari bo‘yicha reyting yuritiladi.
Yakuniy yig‘ilishda natijalar umumlashtiriladi va harbiy qism komandiri tavsiyanoma berish haqida yakuniy qaror qabul qiladi.
Beriladigan tavsiyanomalar umumiy soni, qoida tariqasida, harbiy qism shaxsiy tarkibidagi muddatli harbiy xizmatchilarning 40 foizidan oshmasligi kerak.
Agar oxirgi o‘rin uchun bir nechta harbiy xizmatchi teng ball olsa, ularning barchasiga tavsiyanoma berishga ruxsat etiladi.
Xizmat davrida Davlat mukofoti bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchi test natijasidan qat’i nazar tavsiyanoma olish huquqiga ega.