Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8883 marta o'qildi

«Mening pensiyam» onlayn xizmati qachon ishga tushadi?

2026-yil 1 dekabrdan «Mening pensiyam» onlayn xizmatini ishga tushirish belgilangan.

«Mening pensiyam» onlayn xizmati — fuqaroga elektron ma’lumotlar asosida kelajakdagi pensiyasining dastlabki miqdorini bilish imkonini beruvchi raqamli xizmat.

Xizmat orqali fuqaro axborot tizimlarida mavjud:

  • ish staji;
  • ish haqi;
  • pensiya huquqiga ta’sir qiluvchi boshqa ma’lumotlar asosida o‘zining kutilayotgan pensiya miqdorini oldindan aniqlashi mumkin bo‘ladi.

Onlayn hisoblangan miqdor yakuniy hisoblanadimi?

Onlayn xizmat ko‘rsatgan summa dastlabki hisob-kitob hisoblanadi.

Pensiyaning yakuniy miqdori fuqaro pensiya huquqiga ega bo‘lgan vaqtda:

  • amaldagi qonunchilik;
  • axborot tizimlaridagi tasdiqlangan ish staji;
  • rasmiy ish haqi;
  • ustama va imtiyozlar;
  • boshqa individual ma’lumotlar asosida Pensiya jamg‘armasi tomonidan belgilanadi.

Shu sababli fuqarolar o‘z mehnat faoliyati va ish haqiga oid elektron ma’lumotlarni oldindan tekshirib borishi maqsadga muvofiq.

Pensiya xizmatlari qanday o‘zgaradi?

Pensiya ta’minotiga oid davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich:

  • proaktiv;
  • elektron;
  • interaktiv shaklga o‘tkazish belgilangan.

Proaktiv xizmat — fuqarodan alohida ariza talab etmasdan davlat axborot tizimlaridagi ma’lumotlar asosida ko‘rsatiladigan xizmat.

Yoshga doir pensiyalar 2025-yil 1-martdan fuqaroning alohida murojaatisiz proaktiv tarzda tayinlanmoqda.

Biometrik identifikatsiya qachon joriy etiladi?

2026-yil 1 dekabrdan pensiya to‘lovlari sohasida:

  • elektron raqamli imzo;
  • biometrik identifikatsiya — Face-ID;
  • koll-markaz faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish nazarda tutilgan.

Biometrik identifikatsiya — shaxsni uning yuz tasviri kabi biologik belgilari orqali elektron tarzda aniqlash usuli.

Ushbu tizimlar pensiya oluvchining shaxsini masofadan tasdiqlash va xizmatlardan foydalanishni soddalashtirishga xizmat qiladi.

Hududiy pensiya bo‘limlari tugatiladimi?

2027-yildan G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlari o‘rnida ixcham xizmat ko‘rsatish ofislari tashkil etilishi belgilangan.

Ushbu ofislar fuqarolarga joylarda zarur xizmatlarni ko‘rsatadi. Asosiy xizmatlar esa bosqichma-bosqich elektron va proaktiv shaklga o‘tkaziladi.

Chat