Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 110 marta o'qildi

Realistic 3D scene featuring a person holding a smartphone and credit card, with a laptop in the background. The scene emphasizes depth and lighting, suitable for a Telegram post and website.


Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda inson hayoti ma’lumotlar orqali yanada ko‘proq ifoda etilmoqda. Har bir insonning ismidan tortib unga oid bo‘lgan - telefon raqamlar, sur’atlar, pasport ma’lumotlari va boshqa shu kabi shaxsni identifikatsiya qilish imkonini beradigan axborotlarning barchasi shaxsga oid ma’lumotlarni tashkil etadi. Bu mavzu bugungi kunda dolzarb bo‘lib kelmoqda, chunki aynan shu ma’lumotlar orqali u yoki bu shaxs to‘g‘risida to‘liq tasavvur hosil qilish mumkin. Ko‘p hollarda esa bu ma’lumotlar shaxsning roziligisiz va noto‘g‘ri maqsadlarda ishlatilib kelinmoqda. Ushbu maqolada shaxsga doir ma’lumotlar haqidagi muhim normalar bilan tanishamiz.

1. Shaxsga doir ma’lumotlar nima?

Shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi munosabatlar 2019-yil 2 iyulda qabul qilingan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi. Mazkur qonunchilikka ko‘ra, muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot shaxsga doir ma’lumotlar sifatida qaraladi. Bu ta’rifdan kelib chiqib shaxsga doir ma’lumotlarga quyidagilar kiradi:

 — F.I.Sh., tug‘ilgan sanasi va manzil

— shaxsning pasport rekvizitlari, telefon raqami

— banklarda ochilgan karta raqamlari

— shaxsning foto va videolari

— Internet tarmog‘idagi manzillari va boshqalar.

2. “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida  nimalar nazarda tutilgan?

Davlat shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi. Shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi munosabatlar, masalan, shaxsga doir ma’lumotlarni to‘plash, tizimlashtirish, saqlash, ishlov berish,  ularni to‘ldirish yoki o‘zgartirishda o‘sha shaxsning o‘z shaxsiy hayotiga aralashuvlardan himoyalanish huquqi amalga oshirilishi, ma’lumotlarning yaxlitligi, maxfiyligi va qonunga xilof ravishda ishlov berilishini oldi olish kabilar ta’minlanadi.

3. Shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi munosabatlarni buzganlik uchun javobgarlik qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 46(2)-moddasida Shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi munosabatlarni amalsha oshirishda qonunchilik talablariga rioya qilmaganlik uchun jarima jazosi qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, bunday munosabatlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 141(2)-moddasiga ko‘ra, ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish jinoiy jazo tayinlash uchun sabab bo‘ladi.

4. Fuqarolar uchun ayrim tavsiyalar

— Shaxsiy ma’lumotlaringiz (pasport ma’lumotlari, telefon raqamlari, bank kartalari ma’lumotlari, shaxsiy rasm va videolar va boshqalar) ni turli saytlar, begona shaxslar bilan bo‘lishmang.

— Maxfiylik siyosatiga amal qiling.

— Faqat ishonchli resurslardan foydalaning.

Shaxsiy ma’lumotlar bu sizning xavfsizligingiz garovi hamdir. Qonun fuqarolarni himoya qilsa-da, ehtiyotkorlik va ogohlik har bir shaxsning o‘z zimmasida.

Chat