
Mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek huquqining har qanday buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqidir. Mulk huquqi muddatsiz hisoblanadi.
Konstitutsiya barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy himoyasini kafolatlaydi. Mulkdor qonunda nazarda tutilgan tartib va sud qarori bo‘lmasa, mol-mulkidan mahrum etilishi mumkin emas.
Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkka bo‘lgan huquqni cheklash yoki tugatish faqat qonuniy asos va belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mulkdor mol-mulkini o‘z xohishicha ishlatishi mumkin. Biroq mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar etkazmasligi, boshqa shaxslar, jamiyat va davlatning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi shart.
Mulk huquqi mol-mulkni yaratish, oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, xususiylashtirish, meros, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa bitimlar va egalik muddati kabi asoslarda vujudga keladi.
Mulkdor bo‘lmagan shaxs ko‘chmas mol-mulkka 15 yil, boshqa mol-mulkka 5 yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan bo‘lsa, mulk huquqini olishi mumkin. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan mulkka huquq ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan vujudga keladi.
Er uchastkalari, binolar, inshootlar va er bilan uzviy bog‘langan ob’ektlar ko‘chmas mulk hisoblanadi. Qolgan ashyolar ko‘char mulkdir. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq, uning boshqa shaxsga o‘tishi va cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Er qonunda belgilangan shartlar va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin.
Mulkdor, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, mol-mulkni saqlash xarajatlarini ko‘taradi. Mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki shikastlanishi xavfi ham, odatda, mulkdor zimmasida bo‘ladi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsga tegishli mol-mulk umumiy mulk hisoblanadi. U ulushlar belgilangan umumiy ulushli mulk yoki ulushlar oldindan belgilanmagan umumiy birgalikdagi mulk bo‘lishi mumkin.
Mulkdor mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga, mulkdan foydalanishga to‘sqinliklarni bartaraf etishni va etkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Mulk huquqi mulkdorning mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishi, mulkdan voz kechishi, mol-mulkning nobud bo‘lishi yoki qonunda belgilangan boshqa asoslarga ko‘ra tugatiladi. Mol-mulkni majburiy olib qo‘yishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.