Ayrim xorijiy ta’lim hujjatlarini tan olishda talabgor mutaxassislik bo‘yicha test topshirmaydi.
Biroq bu hujjat umuman tekshirilmaydi degani emas. Uning haqiqiyligi, ta’lim tashkilotining maqomi, akkreditatsiyasi va qonunchilikda belgilangan shartlarga muvofiqligi tekshirilishi mumkin.
Jumladan:
— xorijda olingan umumiy o‘rta, kasbiy ta’lim va malaka oshirish hujjatlari;
— O‘zbekistonda filiali yoki qo‘shma ta’lim dasturi mavjud xorijiy ta’lim tashkilotida o‘qiganlarning hujjatlari;
— har yili tasdiqlanadigan QS, THE va ARWU reytinglarida birinchi 1000 o‘rindan joy olgan OTMda butun o‘qish davrini o‘tagan talabgorlarning diplomlari;
— vazirlik, idora yoki davlat ulushi kamida 50 foiz bo‘lgan korxonaning mablag‘i yoki yo‘llanmasi asosida maqsadli o‘qiganlarning hujjatlari;
— 1992-yil 1 yanvargacha xorijiy OTMga o‘qishga kirganlarning hujjatlari;
— ENQAning to‘laqonli a’zosi bo‘lgan vakolatli tashkilot tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalari hujjatlari;
— qonunchilikda belgilangan davlatlarning akkreditatsiya qilingan ta’lim tashkilotlari diplomlari;
— xalqaro shartnoma, Prezident yoki Hukumat qarorida sinovsiz tan olish nazarda tutilgan hujjatlar.
Amaldagi ro‘yxatda quyidagi davlatlarning vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim tashkilotlari nazarda tutilgan:
— AQSh;
— Avstraliya;
— Isroil;
— Kanada;
— Singapur;
— Janubiy Koreya;
— Xitoy;
— Yaponiya;
— Buyuk Britaniya;
— Germaniya;
— Frantsiya;
— Italiya.
Eslatma: OTMning nomi mashhur yoki diplomi xorijda berilganining o‘zi avtomatik sinovsiz tan olish uchun etarli emas. Qonunchilikdagi reyting, akkreditatsiya yoki boshqa asoslardan biri mavjud bo‘lishi shart.
QS, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities reytingi asosida sinovsiz tan olish uchun talabgor ta’limning butun davri davomida reyting ro‘yxatiga kiritilgan OTMda o‘qigan bo‘lishi kerak.
Oliy ta’lim yoki qayta tayyorlash hujjati sinovsiz tan olish asoslaridan biriga tushmasa, hujjat ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ijobiy ekspert xulosasidan keyin mutaxassislik bo‘yicha test o‘tkaziladi va tan olish uchun kamida 55 ball olish kerak.