Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6799 marta o'qildi

Bola puli kimlarga beriladi?

Bolalar nafaqasi — bola puli — Ijtimoiy reestrga kiritilgan va eng kichik yoki yagona farzandi 18 yoshga to‘lmagan oilaga bolalar soni hamda yoshiga qarab har oy to‘lanadigan ijtimoiy nafaqa.

«Davlat ta’minotidagi oila» va «kambag‘al oila» toifalariga kiritilgan oilalarga nafaqa ular tegishli toifada turgan davrda to‘lanadi. «Kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasidagi oilaga esa nafaqa 6 oyga tayinlanadi.

Bola pulining miqdori qancha?

2026-yil 1-iyuldan bolalar nafaqasining oylik miqdori:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzand uchun — 386 000 so‘m;
  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun — 295 000 so‘m;
  • ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha — 177 000 so‘m;
  • uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun qo‘shimcha — 118 000 so‘m.

«Kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasida daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1–1,25 baravari bo‘lsa belgilangan nafaqaning 75 foizi, 1,25–1,5 baravari bo‘lsa 50 foizi to‘lanadi.

Qaerga ariza beriladi?

Ariza:

  • Davlat xizmatlari markazi yoki «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga;
  • mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodimga;
  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimiga;
  • YaIDXP yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali beriladi.

Har bir oila bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam uchun bir oyda bir marta murojaat qilishi mumkin. Agar oila Reestrga kiritilmagan bo‘lsa, nafaqa arizasi Reestrga kiritish arizasi bilan birga to‘ldiriladi.

Ariza qachon ko‘rib chiqiladi?

Oyning 16-sanasiga qadar berilgan ariza shu oyda ko‘rib chiqiladi. 16-sanada va undan keyin berilgan ariza keyingi oyda ko‘rib chiqiladi.

Nafaqa tayinlash uchun rad etish asoslari bo‘lmasa, to‘lov ariza ko‘rib chiqilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan avtomatik ravishda tayinlanadi.

Nafaqa qancha vaqt to‘lanadi?

«Davlat ta’minotidagi oila» va «kambag‘al oila» toifasida nafaqa oila ushbu toifadan chiqquniga qadar to‘lanadi. Bunda «kambag‘al oila» uchun mehnatga layoqatli a’zolarni rasmiy band qilish sharti qo‘llanilishi mumkin.

«Kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasida nafaqa 6 oyga tayinlanadi. Barcha hollarda bolalar nafaqasi eng kichik yoki yagona bola 18 yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanishi mumkin.

Bola puli qanday to‘lanadi?

To‘lov ariza beruvchining bank kartasi yoki ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi. Nafaqalar har oyning 4-sanasidan 27-sanasiga qadar to‘lanadi.

Bir oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni bir vaqtning o‘zida to‘lashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qaysi hollarda rad etiladi?

Nafaqa, jumladan:

  • oilani Ijtimoiy reestrga kiritish rad etilganda yoki ariza ko‘rib chiqilmay qoldirilganda;
  • «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasidagi 6 oylik to‘lov muddati tugaganda;
  • bandlik sharti bajarilmagani sababli to‘lovi to‘xtatilgan oila 6 oy ichida talabni bajarmasdan qayta murojaat qilganda rad etiladi.

Nafaqa tayinlangani yoki rad etilgani haqida ariza beruvchiga SMS-xabar yuboriladi. Qarordan tuman yoki shahar hokimligi huzuridagi Apellyatsiya kengashiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Chat