Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4598 marta o'qildi

Kim mediator bo‘lishi mumkin?

Mediator — mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs.

O‘zbekistonda mediatorlik faoliyatini amalga oshirish uchun jismoniy shaxs:

  • oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • Adliya vazirligi tasdiqlagan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tishi;
  • malaka imtihonini topshirishi;
  • Mediatorlar reestriga kiritilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasida advokat yoki notarius maqomiga ega bo‘lgan shaxslar uchun malaka imtihonini topshirish talab etilmaydi.

Mediatorning faoliyati tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi.

Kim mediator bo‘la olmaydi?

Quyidagi shaxslar mediator bo‘lishi mumkin emas:

  • davlat xizmatida turgan shaxs, bundan pedagogik, ilmiy, ijodiy va notarial faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar mustasno;
  • muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi haqida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud shaxs;
  • sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs.

Agar mediator jinoiy javobgarlikka tortilib, ayblanuvchi tariqasida jalb etilsa, uning faoliyati sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga yoki reabilitatsiya qiluvchi asoslarga ko‘ra jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida qaror qabul qilinguniga qadar to‘xtatib turiladi.

Mediatorlar reestriga qanday kiriladi?

Maxsus o‘quv kursidan o‘tgan va Reestrga kirish istagini bildirgan shaxs:

  • istalgan Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilishi;
  • yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron murojaat yuborishi mumkin.

Reestrga kiritish bo‘yicha davlat xizmati uchun to‘lov undirilmaydi.

Talabgorga malaka imtihoni tayinlangani yoki uni tayinlash rad etilgani haqida 10 ish kuni ichida xabar beriladi. Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tish Reestrga kiritish uchun asos bo‘ladi, advokatlar va notariuslar bundan mustasno.

Imtihondan o‘ta olmagan talabgor uni qayta topshirish uchun kamida 3 oy kutishi kerak. Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxsga Reestrga kiritilgani haqida imtihon o‘tkazilgan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida xabarnoma yuboriladi.

Mediatorlar reestrida qanday ma’lumotlar bo‘ladi?

Mediatorlar reestri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan yuritiladi va tegishli adliya organlari hamda Adliya vazirligining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.

Reestrda, jumladan:

  • mediatorning familiyasi, ismi va otasining ismi;
  • u bilan bog‘lanish uchun ma’lumotlar;
  • ma’lumoti va mutaxassisligi;
  • ixtisoslashgan mediatsiya sohasi;
  • mediatsiya o‘tkaza oladigan tili;
  • faoliyati to‘xtatib turilgani, tiklangani yoki Reestrdan chiqarilgani haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Mediator malakasini oshirib borishi shartmi?

Mediator o‘z bilimlarini muntazam takomillashtirib borishi va Adliya vazirligi belgilagan tartibda uch yilda kamida bir marta kasbiy malakasini oshirishi shart.

Bu talab notarius yoki advokat maqomiga ega bo‘lgan mediatorlarga tatbiq etilmaydi.

Chat