Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8730 marta o'qildi

Sinflarni shakllantirish

Umumta’lim muassasalarida sinflar o‘quvchilar sonidan kelib chiqib:

— shahar hududi va tuman markazlarida — 25–35 nafar;

— qishloq hududlarida — 20–35 nafar o‘quvchidan shakllantiriladi.

Olis hududlar, ixtisoslashtirilgan muassasalar va o‘quvchilar soni belgilangan me’yordan kam bo‘lgan holatlar uchun alohida tartiblar mavjud.

Sinf komplekti — belgilangan me’yorlar asosida bir sinfga birlashtirilgan o‘quvchilar guruhi.

Sinflar komplektiga oid ma’lumotlar hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘linmalari hamda hududiy iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

Dars soatlari qanday taqsimlanadi

Maktab tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi pedagogik kengash tomonidan 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

O‘qituvchilarga dars soatlari har yili 15-sentabrga qadar quyidagi ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi:

  1. oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
  2. dars beradigan fanidan ustama belgilashda qo‘llaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilar;
  3. birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
  4. ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
  5. oliy ma’lumotli, malaka toifasiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar;
  6. qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar;
  7. o‘rindoshlik asosida ishlaydigan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar;
  8. pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim tashkilotlarining 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari;
  9. oliy ma’lumotli o‘qituvchi bo‘lguniga qadar — o‘rta maxsus yoki professional ma’lumotli o‘qituvchilar, faqat boshlang‘ich sinflar uchun;
  10. oliy ma’lumotli o‘qituvchi bo‘lguniga qadar — tegishli mutaxassislikka ega maktab rahbar xodimlari.

Dars soatlari setkasi — o‘quv rejasidagi fanlar bo‘yicha belgilangan dars soatlarining sinflar kesimidagi taqsimoti.

Boshlang‘ich sinflardagi alohida qoida

Boshlang‘ich sinflarda fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchining boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga egaligi yoki ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olganligi ham hisobga olinadi.

Pedagogik kengash zaruratga qarab dars soatlarini qayta taqsimlashi mumkin.

Tarifikatsiya

Tarifikatsiya ro‘yxatida o‘qituvchiga ajratilgan dars soatlari bilan birga qonunchilikda nazarda tutilgan qo‘shimcha haqlar va ustamalar ham aks ettiriladi.

O‘qituvchiga yillik 1,5 stavkadan — 2 322 soatdan ortiq dars soati belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tarifikatsiya ro‘yxati — pedagog xodimning o‘quv yuklamasi, tarif stavkasi, ustama va qo‘shimcha to‘lovlarini hisobga oluvchi hujjat.

Chat