Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 57 marta o'qildi

Bagajni yo‘lda olish

Yo‘lovchi bagajini kvitantsiyada ko‘rsatilgan manzil stantsiyasiga etmasdan, yo‘nalishdagi boshqa stantsiyada olishi mumkin.

Buning uchun yo‘lovchi bagajni olmoqchi bo‘lgan stantsiyaga poezd etib kelishidan kamida 30 daqiqa oldin poezd brigadiri orqali yoki shaxsan bagaj vagoni qabul qiluvchi-topshiruvchisini ogohlantirishi kerak.

Bagaj faqat:

  • poezdning to‘xtash vaqti;
  • bagaj vagonidagi yuklarning joylashishi;
  • uni xavfsiz tushirish imkoniyati mavjud bo‘lganda beriladi.

Bagaj berilganda kvitantsiya olib qo‘yiladi va unga bagaj yo‘lovchiga vagondan berilganligi haqida belgi qo‘yiladi.

Bagaj bosib o‘tmagan masofa uchun to‘langan tashish haqi qaytarilmaydi.

Manzil stantsiyasida olish

Bagajni olish uchun:

  • bagaj kvitantsiyasi;
  • yo‘lovchi chiptasi taqdim etiladi.

Agar qabul qiluvchida tegishli yo‘nalish bo‘yicha chipta bo‘lmasa, qoidalarda nazarda tutilgan holatlarda yuk bagaj tarifi bo‘yicha qo‘shimcha haq undiriladi. Bagaj berilganda kvitantsiya kassada qoldiriladi.

Bagaj stantsiya yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun ochiq bo‘lgan vaqt davomida beriladi.

Tashuvchi bagajni:

  • oraliq stantsiyada poezd o‘tganidan keyin bir soatdan kechiktirmasdan;
  • oxirgi stantsiyada bagaj vagoni tushirilgandan keyin berishni tashkil etishi shart.

Stantsiyada tegishli transport mavjud bo‘lsa, yo‘lovchining xohishiga ko‘ra bagaj belgilangan qo‘shimcha haq evaziga u ko‘rsatgan manzilga etkazilishi mumkin.

Bagaj etib kelganligi haqida xabar

Yo‘lovchining xohishiga ko‘ra, kelish kuni hisobga olinmagan holda bir sutkalik muddat o‘tgach, stantsiya bagaj etib kelganligi haqida telefon, buyurtma xat yoki boshqa usulda xabar beradi.

Xabar berish xizmati uchun tashuvchi belgilagan tarif bo‘yicha haq undirilishi mumkin.

Agar stantsiya belgilangan muddatda xabar bermasa, xabar yuborilgunga qadar o‘tgan saqlash kunlari uchun haq undirilmaydi.

Saqlash muddati

Manzil stantsiyasiga kelgan bagaj kelgan kun hisobga olinmasdan bir sutka davomida bepul saqlanadi.

Bir sutkadan ortiq saqlangan bagaj uchun belgilangan tarif bo‘yicha haq to‘lanadi.

Kvitantsiya yo‘qolganda

Bagaj kvitantsiyasi yoki tashish amalga oshirilgan chipta yo‘qolgan bo‘lsa, bagaj:

  • yozma ariza;
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • bagajning murojaat qilgan shaxsga tegishliligini tasdiqlovchi dalillar asosida berilishi mumkin.

Bunda yuk bagaj tarifi bo‘yicha tashish haqi farqi undirilib, bagaj tilxat asosida topshiriladi.

Bagaj etib kelmaganda

Bagaj belgilangan vaqtda etib kelmasa, stantsiya kvitantsiyaga «Bagaj etib kelmadi» degan belgi qo‘yishi va yo‘lovchidan xabar yuborish manzili ko‘rsatilgan arizani qo‘shimcha haqsiz qabul qilishi kerak.

Agar bagaj etkazish muddati tugaganidan keyin 10 kun davomida kelmasa, u yo‘qotilgan hisoblanadi. Yo‘lovchi bagaj qiymati qoplanishini talab qilish huquqiga ega.

Qidirilayotgan bagaj topilsa, stantsiya yo‘lovchiga u kelgan kunning o‘zida xabar berishi kerak. Kompensatsiya olgan yo‘lovchi topilgan bagajni qabul qilganda olingan kompensatsiyani qaytarishi lozim.

Shikastlangan yoki kam chiqqan bagaj

Bagajning vazni yoki joylari kam chiqqan yoxud u shikastlangan bo‘lsa, tijorat dalolatnomasi tuziladi. Yo‘lovchi ushbu dalolatnoma asosida tashuvchiga da’vo bildirishi mumkin.

Bagajni olish, saqlash, yo‘qolgan yoki shikastlangan bagaj uchun kompensatsiya berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-apreldagi 109-son qarori bilan belgilangan.

Chat