Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 29689 marta o'qildi

Bolaning eng ustun manfaatlari

Ota-onalik huquqlari bolaning huquq va manfaatlariga zid ravishda amalga oshirilishi mumkin emas. Bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash ota-ona g‘amxo‘rligining asosini tashkil qilishi kerak.

Ota-ona o‘z huquqlarini amalga oshirishda bolaning:

  • jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga;
  • ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga;
  • sha’ni va qadr-qimmatiga zarar etkazishga haqli emas.

Muhim: bolani mensimaslik, shafqatsiz yoki qo‘pol muomala qilish, haqoratlash, qadr-qimmatini kamsitish va ekspluatatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tarbiyaga oid masalalarni hal qilish

Bolaning ta’lim-tarbiyasiga oid masalalar ota-ona tomonidan o‘zaro kelishuv asosida hal qilinadi. Bunda:

  • bolaning eng ustun manfaatlari;
  • bolaning yoshi va etukligidan kelib chiqqan holda uning fikri hisobga olinishi kerak.

Ota-ona kelisha olmasa, ulardan biri yoki ikkalasi vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.

Boladan alohida yashayotgan ota yoki onaning huquqlari

Boladan alohida yashayotgan ota yoki ona:

  • bola bilan ko‘rishish;
  • uning tarbiyasida ishtirok etish;
  • ta’lim olishiga oid masalalarni hal qilishda qatnashish;
  • ta’lim, tibbiyot va boshqa tegishli tashkilotlardan bola haqida axborot olish huquqiga ega.

Ota-ona ko‘rishish tartibi to‘g‘risida yozma kelishuv tuzishi mumkin. Kelishuvga erishilmasa, nizo sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi.

Bola bilan birga yashayotgan ota yoki ona, agar ko‘rishish bolaning jismoniy yoki ruhiy sog‘lig‘iga va axloqiy kamolotiga zarar etkazmasa, ikkinchi tarafning bola bilan muloqotiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.

Huquqlarni suiiste’mol qilish

Ota-onalik huquqlarini bola manfaatlariga zid amalga oshirish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka, og‘ir holatlarda esa ota-onalik huquqini cheklash yoki undan mahrum qilishga asos bo‘lishi mumkin.

Chat