Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 49287 marta o'qildi

Qaysi hollarda bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hisoblanadi

Bolaning huquq va manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish, jumladan, quyidagi holatlarda ta’minlanadi:

  • ota-onasi vafot etganda;
  • ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda yoki ularning ota-onalik huquqi cheklanganda;
  • ota-onasi muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
  • ota-onasi kasal bo‘lib, bolaga g‘amxo‘rlik qila olmaganda;
  • ota-onasi uzoq muddat bo‘lmaganda yoki bedarak yo‘qolganda;
  • ota-onasi bolani tarbiyalashdan, ta’minlashdan yoki uning huquqlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlaganda;
  • ota-onasi bolani ta’lim, tibbiyot yoki ijtimoiy himoya muassasasidan olishdan bosh tortganda;
  • bola amalda ota-ona qaramog‘isiz qolgan boshqa holatlarda.

Bunday bolalarga nisbatan vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatli organ — bola aniqlangan hududdagi tuman yoki shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi hisoblanadi.

Bola haqida kim va qaysi muddatda xabar berishi kerak

Sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, ta’lim, FHDYo va sud organlari, notariuslar, mahalla raisi, ijtimoiy xodimlar, bolaning qarindoshlari hamda bola ota-ona qaramog‘isiz qolganidan xabardor bo‘lgan boshqa shaxslar tegishli ma’lumotlarni vakolatli organga taqdim etishi shart.

Muhim! Bola ota-ona qaramog‘isiz qolgani aniqlanganidan keyin ma’lumot asoslantiruvchi hujjatlar bilan birga 24 soat ichida «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga yuboriladi. Ma’lumot elektron shaklda ham taqdim etilishi mumkin.

Bolaning holati qanday o‘rganiladi

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi:

  • bolaning oilaviy va ijtimoiy holatini o‘rganadi;
  • uning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf mavjudligini baholaydi;
  • bolaning huquqiy va ijtimoiy maqomini belgilaydi;
  • bolaning ota-onasi va yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlaydi;
  • uning mol-mulki, turar joyi, aliment, pensiya va nafaqa olish huquqlarini himoya qiladi;
  • bolani muqobil joylashtirishning eng maqbul shaklini tanlaydi.

Bola to‘g‘risidagi ma’lumotlar «Ijtimoiy himoya» axborot tizimida shakllantiriladi va doimiy yangilab boriladi.

Bolani joylashtirishda nimalar hisobga olinadi

Bolani joylashtirishda birinchi navbatda uning eng ustun manfaatlari, xavfsizligi, sog‘lig‘i, yoshi, oilaviy aloqalari va fikri hisobga olinadi.

Imkon qadar bola oila muhitida:

  • farzandlikka;
  • vasiylik yoki homiylikka;
  • patronatga;
  • oilaviy bolalar uyiga joylashtiriladi. Aka-uka va opa-singillarni ajratib yuborishga, qoida tariqasida, yo‘l qo‘yilmaydi.

14 yoshgacha bo‘lgan bola uchun individual rivojlanish rejasi, 14 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan shaxs uchun esa ijtimoiy integratsiya rejasi ishlab chiqiladi.

Bolani joylashtirish shakli uning huquqiy maqomi va haqiqiy ehtiyojlaridan kelib chiqib tanlanadi. Asosiy maqsad bolani shunchaki muassasaga joylashtirish emas, balki uning xavfsiz oilaviy muhitda yashashini ta’minlashdir.

Material O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qarori asosida tayyorlandi.

Chat