Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 64417 marta o'qildi

Farzandlikka olishning umumiy tartibi

Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxsning arizasiga asosan sud tomonidan amalga oshiriladi.

Sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda tuman yoki shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining farzandlikka olish asosliligi va bolaning manfaatlariga muvofiqligi haqidagi xulosasini hisobga oladi.

Muhim! Farzandlikka olishga faqat bolaning huquqlari, xavfsizligi va eng ustun manfaatlariga muvofiq bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Aka-uka va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga, qoida tariqasida, yo‘l qo‘yilmaydi. Bunga faqat bolalarning manfaatlaridan kelib chiqadigan asoslangan hollarda yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Nomzod sifatida murojaat qilish

Farzandlikka olishni xohlagan shaxs yashash joyidagi tuman yoki shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga bevosita yoki hududga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi.

Murojaat asosida nomzodning:

  • shaxsi va oilaviy holati;
  • sog‘lig‘i;
  • daromad manbalari;
  • sudlanganligi;
  • turar joy va maishiy sharoitlari;
  • bolani tarbiyalash imkoniyati;
  • qonunchilikda belgilangan taqiqlar doirasiga kirishi yoki kirmasligi o‘rganiladi.

Qonunchilikda nazarda tutilgan ma’lumotlarning bir qismi vakolatli organ tomonidan idoralararo axborot almashinuvi orqali olinadi.

Tayyorlov kursidan o‘tish

Farzandlikka olishni xohlagan shaxslar, qoida tariqasida, farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursidan o‘tishi hamda tegishli sertifikat olishi kerak.

Tayyorlov kursida bolaning psixologik xususiyatlari, uning oilaga moslashuvi, bola bilan munosabat o‘rnatish, tarbiyalash usullari hamda farzandlikka oluvchining huquq va majburiyatlari tushuntiriladi.

O‘gay ota yoki o‘gay ona tomonidan o‘gay bolani farzandlikka olishda tayyorlov kursidan o‘tish ixtiyoriy hisoblanadi.

Farzandlikka oluvchiga qo‘yiladigan talablar

Voyaga etgan erkak yoki ayol farzandlikka oluvchi bo‘lishi mumkin.

Farzandlikka oluvchi bilan farzandlikka olinayotgan bola o‘rtasidagi yosh farqi, o‘gay ota yoki o‘gay ona tomonidan farzandlikka olish holatlari bundan mustasno, kamida 15 yosh bo‘lishi kerak.

Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchi bo‘la olmaydi:

  • ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
  • muomalaga layoqsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
  • qonunchilikda belgilangan ayrim kasalliklarga chalinganlar;
  • ilgari farzandlikka olish bekor qilingan va bunda ularning aybi aniqlangan shaxslar;
  • vasiy, homiy yoki tutingan ota-ona majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganlar;
  • qonunchilikda ko‘rsatilgan jinoyatlar uchun sudlanganlar;
  • bolaning xavfsizligi va munosib tarbiyalanishini ta’minlay olmaydigan boshqa shaxslar.

Farzandlikka olishdagi ustunlik

Farzandlikka olishda, boshqa teng shartlarda, quyidagilar ustunlik huquqiga ega:

  • bolaning qarindoshlari;
  • bola oilasida yashayotgan shaxs;
  • aka-uka va opa-singillarni ajratmasdan farzandlikka olayotgan shaxs;
  • o‘gay ota yoki o‘gay ona;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shaxslar.

Ustunlik huquqining mavjudligi bolaning manfaatlarini baholamasdan avtomatik ravishda farzandlikka olish huquqini bermaydi.

Bolaning roziligi

10 yoshga to‘lgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi. Bolaning roziligi vakolatli organ yoki sud tomonidan, unga bosim o‘tkazilmagan holda aniqlanadi.

Bolaga farzandlikka olishning mohiyati va huquqiy oqibatlari uning yoshi hamda tushunish qobiliyati hisobga olingan holda tushuntiriladi.

Agar bola farzandlikka oluvchining oilasida tarbiyalanayotgan va uni o‘z ota-onasi deb bilgan bo‘lsa, farzandlikka olish bolaning alohida roziligini olmasdan amalga oshirilishi mumkin.

Ota-onaning roziligi

Bolani farzandlikka olish uchun, qoida tariqasida, uning ota-onasi rozi bo‘lishi kerak.

Ota-onaning roziligi yozma shaklda rasmiylashtiriladi. Ota-ona farzandlikka olish haqida sud qarori qabul qilinguniga qadar bergan roziligini qaytarib olish huquqiga ega.

Ota-onaning roziligi quyidagi hollarda talab qilinmaydi:

  • ota-onaning kimligi noma’lum bo‘lsa;
  • ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa;
  • ota-ona muomalaga layoqsiz deb topilgan bo‘lsa;
  • ota-ona bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bo‘lsa;
  • ota-ona bir yildan ortiq vaqt davomida bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo‘lsa.

Sudda ko‘rib chiqish

Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ariza fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tomonidan alohida ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladi.

Sud:

  • nomzodning bolani tarbiyalash imkoniyatini;
  • bolaning oilaga moslashganligini;
  • nomzod va bola o‘rtasida shakllangan munosabatlarni;
  • bolaning sog‘lig‘i, yoshi va fikrini;
  • aka-uka va opa-singillar bilan aloqalarini;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining xulosasini baholaydi.

Farzandlikka olish sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari

Farzandlikka olingan bola shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining o‘z farzandiga tenglashtiriladi.

Bola bilan farzandlikka oluvchi va uning qarindoshlari o‘rtasida ota-ona, farzand hamda qarindoshlarga xos bo‘lgan huquq va majburiyatlar vujudga keladi.

Farzandlikka olingan bola bilan uning biologik ota-onasi o‘rtasidagi shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlar, qonunchilikdagi ayrim istisnolardan tashqari, tugaydi.

Farzandlikka olinish vaqtida boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini olish huquqiga ega bo‘lgan bola farzandlikka olinganidan keyin ham ushbu huquqini saqlab qoladi.

Farzandlikka olish siri qonun bilan himoya qilinadi. Uni farzandlikka oluvchining erkiga qarshi oshkor qilish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Farzandlikka olishni bekor qilish asoslari

Farzandlikka olish, agar farzandlikka oluvchilar:

  • o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlasa yoki ularni lozim darajada bajarmasa;
  • ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa;
  • bolaga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lsa;
  • muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lsa, bekor qilinishi lozim.

Sud bolaning manfaatlaridan kelib chiqib va uning fikrini hisobga olgan holda boshqa asoslarga ko‘ra ham farzandlikka olishni bekor qilishi mumkin.

Farzandlikka olish faqat sud tartibida bekor qilinadi. Ishni ko‘rib chiqishda 10 yoshga to‘lgan bolaning fikri hisobga olinadi.

Farzandlikka olishni bekor qilishni:

  • bolaning ota-onasi;
  • prokuror;
  • vakolatli organ;
  • Bolalar masalalari bo‘yicha komissiya;
  • 16 yoshga to‘lgan farzandlikka olingan bola talab qilishi mumkin.

Farzandlikka olish bekor qilingandagi oqibatlar

Sud farzandlikka olishni bekor qilganda bola bilan farzandlikka oluvchi va uning qarindoshlari o‘rtasidagi huquq hamda majburiyatlar tugaydi.

Bola bilan uning biologik ota-onasi va qarindoshlari o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar, agar bu bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasa, tiklanishi mumkin.

Bolani biologik ota-onasiga qaytarish mumkin bo‘lmasa yoki bunday qaytarish uning manfaatlariga zid bo‘lsa, bola vakolatli organ qaramog‘iga topshiriladi.

Material O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qarori asosida tayyorlandi.

Chat