Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 132885 marta o'qildi

Vasiylik va homiylikning mazmuni

Vasiylik 14 yoshga to‘lmagan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga belgilanadi.

Vasiy vasiylikdagi shaxsning qonuniy vakili bo‘lib, uning nomidan va manfaatlarini ko‘zlab zarur yuridik harakatlarni amalga oshiradi.

Homiylik 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarga belgilanadi.

Homiy homiylikdagi shaxsga o‘z huquqlarini amalga oshirish va majburiyatlarini bajarishda ko‘maklashadi hamda uni uchinchi shaxslarning suiiste’molliklaridan himoya qiladi.

Sog‘lig‘i tufayli o‘z huquqlarini mustaqil amalga oshira olmaydigan voyaga etgan muomalaga layoqatli fuqaroga uning iltimosiga ko‘ra homiylik belgilanishi mumkin.

Voyaga etmaganlarga nisbatan vakolatli organ

Voyaga etmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik organi — bolaning yashash yoki turgan joyidagi tuman yoki shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi hisoblanadi.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi:

  • vasiylik yoki homiylikka muhtoj bolalarni aniqlaydi va hisobga oladi;
  • bolaning turmush va yashash sharoitlarini baholaydi;
  • vasiy yoki homiy bo‘lishni xohlagan shaxslarni tanlaydi;
  • nomzodning turmush va maishiy sharoitlarini o‘rganadi;
  • vasiylik yoki homiylikni belgilash haqida qaror qabul qiladi;
  • bolaning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarini himoya qiladi;
  • vasiy va homiylarning o‘z majburiyatlarini bajarishini nazorat qiladi.

Voyaga etmagan bolaga vasiylik yoki homiylik endi tuman yoki shahar hokimining qarori bilan emas, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining qarori bilan belgilanadi.

Voyaga etgan shaxslarga nisbatan vakolatli organlar

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarga, shuningdek sog‘lig‘i tufayli homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga etgan muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan zarur hujjatlarni tayyorlash va sharoitlarni o‘rganish tuman yoki shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur toifadagi voyaga etgan shaxslarga vasiy yoki homiy tayinlash tuman yoki shahar hokimining qarori asosida amalga oshiriladi.

Shu tariqa, voyaga etmagan bolalar va voyaga etgan shaxslarga nisbatan vakolatli organlar hamda qaror qabul qilish tartibi bir-biridan farq qiladi.

Vasiylik yoki homiylikka muhtoj shaxslar

Vasiylik yoki homiylik quyidagilarga belgilanishi mumkin:

  • etim bolalarga;
  • ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga;
  • ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan bo‘lsa-da, hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid mavjud bo‘lgan bolalarga;
  • ota-onasi bilan yashashi bolaning qonuniy manfaatlariga zid bo‘lgan hollarda;
  • sud tomonidan muomalaga layoqsiz deb topilgan fuqarolarga;
  • sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarga;
  • sog‘lig‘i tufayli homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga etgan muomalaga layoqatli shaxslarga.

Vasiy yoki homiy bo‘lishga qo‘yiladigan talablar

Vasiy yoki homiy etib faqat voyaga etgan muomalaga layoqatli shaxs uning roziligi bilan tayinlanadi.

Nomzodni baholashda:

  • uning axloqiy va shaxsiy fazilatlari;
  • vasiylik yoki homiylik majburiyatlarini bajarish qobiliyati;
  • bola yoki boshqa himoyaga muhtoj shaxs bilan munosabatlari;
  • nomzodning oila a’zolari munosabati;
  • turar joy va maishiy sharoitlari;
  • 10 yoshga to‘lgan bolaning istagi inobatga olinadi.

Vasiy yoki homiy etib tayinlanishda bolaning qarindoshlari, bola yashayotgan oiladagi shaxslar, aka-uka va opa-singillarni ajratmasdan qabul qilayotgan shaxslar ustunlik huquqiga ega.

Vasiy yoki homiy bo‘la olmaydigan shaxslar

Quyidagilar vasiy yoki homiy etib tayinlanmaydi:

  • ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki huquqi cheklangan shaxslar;
  • muomalaga layoqsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
  • ilgari farzandlikka olish ularning aybi bilan bekor qilingan shaxslar;
  • vasiy yoki homiy majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani uchun chetlashtirilganlar;
  • qonunchilikda ko‘rsatilgan jinoyatlar uchun sudlanganlar;
  • vasiy yoki homiy bo‘lishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklarga chalinganlar;
  • bolaning xavfsizligi va manfaatlarini ta’minlay olmaydigan boshqa shaxslar.

Voyaga etmaganga vasiylik yoki homiylikni belgilash

Nomzod bo‘yicha ijobiy xulosa vasiylik yoki homiylikni belgilash haqida qaror qabul qilish uchun asos hisoblanadi.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi taqdim etilgan hujjatlarni uch ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi.

Qaror qabul qilinganidan keyin u bir ish kuni ichida vasiy yoki homiyga yuboriladi. Bolaga oid asosiy hujjatlar hamda unga tegishli mol-mulk ro‘yxati belgilangan tartibda vasiy yoki homiyga topshiriladi.

Dastlabki vasiy yoki homiy

Bolaning manfaatlarini zudlik bilan himoya qilish zarur bo‘lsa, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi bir oy muddatga dastlabki vasiy yoki homiy tayinlashi mumkin.

Dastlabki vasiy yoki homiy odatdagi vasiy yoki homiyning huquq va majburiyatlariga ega bo‘ladi. Biroq u bolaning mol-mulkini bola nomidan tasarruf etish huquqiga ega emas.

Ota-ona vaqtincha bo‘lmaganda

Ota-ona uch oydan ortiq muddatga, shu jumladan chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganda, bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini ko‘rishi kerak.

Agar ota-ona vasiy yoki homiy tayinlamasdan uch oydan ortiq vaqtga chet davlatga chiqib ketgan bo‘lsa, zaruratga ko‘ra «mahalla ettiligi» dalolatnomasi asosida bolaga vasiylik yoki homiylik belgilanishi mumkin.

Material «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22 sentyabrdagi 269-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qarori asosida tayyorlandi.

Chat