Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14601 marta o'qildi

Mol-mulkning alohidaligi

Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs vasiy yoki homiyning mol-mulkiga, vasiy yoki homiy esa shaxsning mol-mulkiga nisbatan mulk huquqiga ega emas.

Aliment, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar ham vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga tegishli hisoblanadi.

Vasiy yoki homiy shaxsning mol-mulki va mablag‘laridan o‘zining yoki boshqa shaxslarning manfaati uchun foydalanishi mumkin emas.

Vasiy yoki homiy mol-mulkni saqlashi, qiymati pasayishiga yo‘l qo‘ymasligi va unga etkazilgan zararni qoplashi shart.

Oldindan ruxsat talab qilinadigan harakatlar

Vasiy vasiylik va homiylik organining oldindan ruxsati bilan:

  • shaxs nomidan notarial tasdiqlanishi lozim bo‘lgan bitimni tuzishi;
  • mol-mulkni taqsimlashi;
  • mol-mulkni bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga garovga qo‘yishi;
  • shaxsning turar joyini ayirboshlashi;
  • shaxs nomidan meros yoki hadyani qabul qilishdan voz kechishi mumkin.

Shaxsning mol-mulki qiymati pasayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday harakat uchun ham oldindan ruxsat olinishi kerak.

Sud va ijro ishlaridagi kelishuvlar

Vasiylik va homiylik organining ruxsati quyidagi hollarda ham talab qilinadi:

  • shaxs manfaati uchun berilgan da’vodan voz kechishda;
  • sud muhokamasida shaxs nomidan kelishuv bitimi tuzishda;
  • shaxs undiruvchi bo‘lgan ijro ishida qarzdor bilan kelishuv bitimi tuzishda;
  • shaxs nomidan ishonchnoma berishda.

Ruxsat olish talabi mulkni sotish yoki ayirboshlash bilangina cheklanmaydi. Shaxsning mulkiy huquqi yoki mol-mulk qiymatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha harakatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ruxsat berish muddati

Vasiylik va homiylik organi ariza va taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib, bitim shaxsning qonuniy manfaatlariga muvofiqligini baholaydi.

Ruxsat yoki ruxsat berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza berilgan kundan boshlab 15 kundan kechiktirmasdan vasiy yoki homiyga taqdim etilishi kerak.

Rad etish to‘g‘risidagi qarorda uning asoslari ko‘rsatilishi shart.

Ruxsatsiz tuzilgan shartnomaning oqibatlari

Vasiy yoki homiy zarur ruxsatni olmasdan shaxs nomidan shartnoma tuzsa, vasiylik va homiylik organi shaxs manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qiladi.

Shartnoma haqiqiy emas deb topilganda shaxsga tegishli mol-mulk qaytariladi. Bitim taraflariga etkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda vasiy yoki homiy tomonidan qoplanadi.

Dastlabki tarzda bir oyga tayinlangan vasiy yoki homiy bolaning mol-mulkini uning nomidan tasarruf etish huquqiga ega emas.

Material O‘zbekiston Respublikasining «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qarori asosida tayyorlandi.

Chat