Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 31483 marta o'qildi

Qaysi bolalar qabul qilinadi?

Alohida ta’lim va korrektsion-pedagogik yordamga ehtiyoji bo‘lgan bola:

  • ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga;
  • qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotining maxsus guruhiga;
  • umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining inklyuziv guruhiga qabul qilinishi mumkin.

Qaysi ta’lim shakli bolaning ehtiyojlariga mos kelishi psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida belgilanadi.

Inklyuziv guruh — alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan va boshqa bolalarning birgalikda ta’lim olishi hamda tarbiyalanishi uchun tashkil etilgan guruh.

Qabul qilish uchun qanday hujjatlar kerak?

Bolani ixtisoslashtirilgan yoki tegishli maxsus guruhga qabul qilish uchun:

  • bola qonuniy vakilining arizasi;
  • psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi;
  • bolaning belgilangan shakldagi tibbiy kartasi;
  • profilaktik emlash kartasi taqdim etiladi.

Inklyuziv guruhga qabul qilish ham komissiya xulosasi va ota-ona yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning roziligi asosida amalga oshiriladi.

Qabul qachon amalga oshiriladi?

Bolalar tashkilot yoki tegishli guruhda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lganda kalendarь yil davomida qabul qilinadi.

Qabul bolaning qonuniy vakili roziligi asosida amalga oshiriladi. Tashxisning o‘zi bolani avtomatik ravishda ixtisoslashtirilgan tashkilotga joylashtirish uchun etarli emas — komissiya bolaning rivojlanishi va ta’lim ehtiyojlarini kompleks baholaydi.

Komissiya xulosasi nima uchun kerak?

Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi — bolaning rivojlanish xususiyatlari, ta’lim ehtiyojlari va unga mos ta’lim shakli bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hujjat.

Xulosada:

  • tavsiya etiladigan tashkilot yoki guruh turi;
  • korrektsion-pedagogik yordam yo‘nalishi;
  • bolani qayta baholash zarurati;
  • xulosaning amal qilish davri ko‘rsatilishi mumkin.

Bolaning holati yoki ehtiyojlari o‘zgarsa, qonuniy vakilning roziligi bilan u komissiyaga qayta yuborilishi mumkin.

Ta’lim jarayoni qanday tashkil etiladi?

Ixtisoslashtirilgan va inklyuziv guruhlarda ta’lim-tarbiya:

  • bolaning yoshi va individual imkoniyatlarini;
  • komissiya tavsiyalarini;
  • davlat ta’lim dasturi va davlat talablarini hisobga olgan holda tashkil etiladi.

Zarur hollarda tarbiyachi, defektolog, logoped, psixolog va tibbiyot xodimlari ishtirokida korrektsion-pedagogik ishlar olib boriladi.

Qarordan norozi bo‘lsa nima qilish mumkin?

Qonuniy vakil komissiya xulosasi yoki bolani qabul qilish bilan bog‘liq qaror yuzasidan:

  • tegishli hududiy maktabgacha va maktab ta’limi organiga;
  • yuqori turuvchi komissiyaga;
  • sudga murojaat qilishi mumkin.
Chat