Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22354 marta o'qildi

Iste’molchi tovar yoki xizmatni erkin tanlay oladimi?

Iste’molchi tovar, ish yoki xizmatni erkin tanlash va uni shartnoma asosida sotib olish huquqiga ega. Sotuvchi tomonidan narxi va boshqa zarur ma’lumotlari ko‘rsatilgan holda peshtaxtaga qo‘yilgan tovarlar, qoida tariqasida, iste’molchiga shartnoma tuzish taklifi hisoblanadi.

Shartnoma og‘zaki yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yozma shaklda tuzilishi mumkin. Taraflar shartnomaning muhim shartlari — tovar, uning miqdori, narxi va boshqa zarur shartlar bo‘yicha kelishganda shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

To‘lov usuliga qarab narxni o‘zgartirish mumkinmi?

Tovar, ish yoki xizmat uchun haq to‘lash shakli va tartibi iste’molchi bilan sotuvchi yoki ijrochi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi. To‘lov naqd yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkin.

Sotuvchi bir xil marka, modelь yoki artikuldagi tovar, shuningdek bir xil hajm va sifatdagi ish yoki xizmat uchun faqat to‘lov shakliga qarab turli narx belgilashi mumkin emas. Biroq naqd pulsiz to‘lovni rag‘batlantirish uchun qonunda ruxsat etilgan bonus yoki boshqa rag‘batlar berilishi mumkin.

Internet orqali shartnoma tuzilsa qanday ma’lumot berilishi kerak?

Axborot tizimlari orqali tovar, ish yoki xizmat sotilganda shartnoma tuzilishidan oldin iste’molchiga, jumladan:

  • sotuvchi yoki ijrochining nomi, manzili va shikoyatlarni qabul qilish tartibi;
  • tovarning asosiy xususiyatlari;
  • litsenziya yoki ruxsat hujjatining QR-kodi, agar bunday hujjat talab etilsa;
  • tovar yoki xizmat narxi;
  • etkazib berish narxi va to‘lov shartlari;
  • kafolat, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish shartlari;
  • shartnomani bekor qilish tartibi haqida ma’lumot berilishi shart.

Sotuvchi tovarni o‘z vaqtida etkazmasa nima bo‘ladi?

Sotuvchi tovarni shartnomada belgilangan muddatda iste’molchiga yoki u ko‘rsatgan shaxsga topshirishi shart.

Muddat buzilsa, sotuvchi kechiktirilgan har bir vaqt birligi — shartnomada belgilangan daqiqa, soat yoki kun uchun bajarilmagan majburiyat qismining 0,5 foizi miqdorida penya to‘laydi. Penyaning umumiy miqdori topshirilmagan tovar qiymatidan oshmasligi kerak.

Penya to‘lanishi sotuvchini kechikish oqibatida etkazilgan boshqa zararni qoplash va shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishdan ozod qilmaydi.

Chat