Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16886 marta o'qildi

Iste’molchiga qanday ma’lumot berilishi shart?

Ishlab chiqaruvchi, ijrochi yoki sotuvchi iste’molchiga realizatsiya qilinayotgan tovar, ish yoki xizmat haqida o‘z vaqtida, zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.

Ma’lumotda, jumladan:

  • tovar, ish yoki xizmatning nomi;
  • unga nisbatan majburiy talablarni belgilaydigan normativ hujjat nomi;
  • asosiy va o‘ziga xos iste’mol xususiyatlari;
  • narxi va sotib olish shartlari;
  • tegishli tovarlar uchun ishlab chiqarilgan sana;
  • kafolat majburiyatlari;
  • samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari;
  • xizmat yoki yaroqlilik muddati;
  • ishlab chiqaruvchi, ijrochi yoki sotuvchining to‘liq nomi va yuridik manzili;
  • talab etiladigan litsenziya va ruxsat hujjatlarining QR-kodi;
  • import tovarlarda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi haqidagi ma’lumot;
  • tovar kelib chiqqan mamlakat;
  • da’volarni qabul qiladigan, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlar manzili;
  • saqlash va xavfsiz utilizatsiya qilish tartibi ko‘rsatilishi lozim.

Ma’lumot qanday shaklda beriladi?

Zarur ma’lumot tovarning etiketkasi, tamg‘asi, texnik hujjati yoki muayyan tovar, ish yoxud xizmat turi uchun qabul qilingan boshqa usul orqali iste’molchiga etkazilishi mumkin.

Ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumot tovarning etiketkasi, tamg‘asi yoki boshqa usulda, sotuvchi va ijrochi haqidagi asosiy ma’lumotlar esa iste’molchi ko‘rishi mumkin bo‘lgan joyda taqdim etiladi.

Kontsert va tomosha tadbirlarida qanday ma’lumot beriladi?

Kontsert-tomosha tadbirida fonogrammadan foydalanilsa, bu haqda iste’molchiga oldindan axborot berilishi kerak.

Bundan tashqari, kontsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart.

Noto‘g‘ri yoki etarli bo‘lmagan ma’lumot berilsa nima bo‘ladi?

Agar noto‘g‘ri yoki etarli bo‘lmagan ma’lumot tufayli iste’molchi o‘ziga kerakli xususiyatlarga ega bo‘lmagan tovarni sotib olgan bo‘lsa, u shartnomani bekor qilish va zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Agar zarur ma’lumot tovar, ish yoki xizmatni sotib olish paytida berilmagan bo‘lsa, vakolatli davlat organi bunday tovarni realizatsiya qilishni ma’lumot taqdim etilgunga qadar to‘xtatib turish choralarini ko‘rishi mumkin.

Eslatma: sotuvchi bergan reklama yoki og‘zaki va’da tovarning haqiqiy xususiyatlariga mos kelmasa, iste’molchi xaridni tasdiqlovchi hujjatlar va berilgan axborotni saqlab qo‘yishi maqsadga muvofiq.

Chat